English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Innovatsion rivojlanish vazirligi bayonoti
10:44 / 2022-11-18

Doktoranturaga kirish uchun xorijiy til sertifikati talab etilishi tartibi yuzasidan.

Qonunchilikka ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi takliflariga asosan, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga tanlovlarda milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi tartibi joriy etilgan.  

Bunda, filologiya yo‘nalishlari bo‘yicha kamida S1 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat, nofilologik yo‘nalishlari bo‘yicha esa V2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat talab etilishi nazarda tutilgan.  

Biroq, ko‘p sonli talabgorlarning murojaatlaridan kelib chiqib, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tahlili asosida joriy yildagi doktoranturaga qabul jarayonlarida xorijiy tilni bilish darajasi sertifikati talabini bajarilishi o‘rganildi va bu tartibni bosqichma-bosqich joriy qilish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.  

Xorijiy tilni bilish darajasidan qat’i nazar, milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega talabgorlar doktoranturaga kirish tanlovida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bunda, o‘qishga qabul qilingan izlanuvchilarning yakka tartibdagi rejasiga birinchi o‘quv yili (kurs) davomida belgilangan darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat olish vazifasi kiritiladi.  

Mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda joriy yilda doktoranturaga hujjat topshirgan talabgorlardan xorijiy til bo‘yicha milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat olish uchun qisqa muddatlarda imtihonlarni tashkil etish va o‘tkazish choralari ko‘rib chiqildi. Tizimda oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi ilmiy tashkilotlar va ta’lim muassasalariga ega vazirlik, idora va tashkilotlar bilan birgalikda birinchi o‘quv yili yakunida izlanuvchilarning xorijiy til bo‘yicha milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat olganligi bo‘yicha o‘rganish (monitoring) natijalariga asosan ular keyingi bosqichga o‘tkazish tartibi ishlab chiqilmoqda.  

Shu o‘rinda, oliy ta’lim muassasalarida xorijiy tildan o‘tkazilgan test natijalari bekor qilinishi bo‘yicha Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ko‘rsatma berilmaganligini ta’kidlab, bunday qaror chiqarilishi tarkibida doktorantura tizimiga ega oliy ta’lim muassasasining ichki tartibiga muvofiq amalga oshirilishi lozimligini va o‘zaro yozishma majburiy kuchga ega emasligini bildiramiz. Bunda Innovatsion rivojlanish vazirligini bevosita ishtiroki yo‘qligi va imtihon masalasi vazirlikning vakolatiga kirmasligini ma’lum qilamiz.  

Vakolatli davlat organi sifatida Innovatsion rivojlanish vazirligi, mutaxassisliklar kesimida, doktorantura institutlariga talabni o‘rganib, raqamlashtirilgan onlayn tarzda qabul qilingan arizalar asosida ehtiyojni shakllantirib, Moliya vazirligiga kvota ajratish murojaatini chiqaradi. Ajratilgan kvotalarga muvofiq, talab va ehtiyojga asosan tarkibida oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlari bor tashkilotlarga aniq ixtisosliklar kesimida kvotani taqsimlab beradi.  

Keyingi bosqichda esa, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 maydagi 304-son qaroriga muvofiq, doktoranturaga imtihonlarni belgilangan muddatlarda olinishi, ilmiy tashkilotlar qarori asosida taqdim etilgan oxirgi qabul ro‘yxatlari asosida monitoring ishlarini yuritadi. Qabul imtihonlarini tashkil qilish va uni o‘tkazish oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlari mavjud tashkilot rahbariyati to‘la javobgarligida, o‘rnatilgan tartibdagi belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi lozim.  

Ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinayotgan Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan chiqarilgan xat eslatma sifatida qabul imtihonlarini o‘z vaqtida tashkil qilish uchun chiqarilgan va unda qabul imtihonlarini bekor qilish topshirig‘i berilmagan. Imtihonlarni olish ketma-ketligi va natija asosida mandat o‘tkazish vakolati tasdiqlangan imtihon olish komissiyasi va ilmiy tashkilot rahbariyati qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.  

Doktoranturaga talabgorlar Davlat test markazida joriy yil 26-27 noyabr kunlari 15 ta xorijiy tildan (ingliz, nemis, fransuz, ispan, turk, arab, fors, dari, hindi, pushtu, urdu, xitoy, koreys, italyan, yapon tillaridan) imtihonlar tashkil etiladi. Shuningdek, Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligida ham sertifikat olish uchun xorijiy til imtihoni topshirilishi mumkinligini bildiramiz.  

26-27 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan xorijiy tillar bo‘yicha imtihon topshirish uchun 17-18-19 noyabr kunlari my.gov.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Mavjud sertifikat amal qilish muddatini ham inobatga olish kerakligini ham eslatamiz, ya’ni muddati o‘tgan sertifikatlar imtihonga kirish uchun asos bo‘lmaydi.  

Davlat stipendiyalari sohiblari va tegishli qarorlarga ko‘ra imtiyozlarga ega talabgorlar doktoranturaga oliy ta’lim muassasasining Kengashi qarori asosida imtihonlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri kvota doirasida qabul qilinadi. Biroq mazkur toifa talabgorlaridan ham xorijiy til sertifikati talab etiladi.  

 

O‘zA