
Ko‘pincha imkoniyati cheklangan shaxslar bilan suhbat jarayonida juda hushyor bo‘lishga, imkon qadar ularning qalbiga ozor yetkazadigan savol berib qo‘ymaslikka harakat qilaman. Bu safargi suhbatdoshim 24 yoshli magistr Osiyo Hoshimovaning fikrlashlari, hayotga bo‘lgan qarashlari mutlaqo o‘zgacha ekan.
— Bolaligimdan tug‘ma ko‘zi ojiz bo‘lib dunyoga kelganman. Ammo hecham bundan afsuslanmayman. Sababi yonimda meni hamisha qo‘llab-quvvatlab turuvchi ota-onam, yaqinlarim bor. Ayrim ota-onalar nogiron farzandini boshqalarga ko‘rsatmaslikka, bekitishga harakat qilishadi. Bizni oilada hammasi boshqacha. Erkin fikrlashimizga yo‘l ochiq. Xato gapirsam ham ota-onam urushishmaydi. Kamchiliklarimni yuzimga solishmaydi. Onam hatto meni deb o‘z kasbidan voz kechgan. Doim yonimda birga yuradi. Imkoniyatim cheklangan bo‘lsa-da, menga yashash aslo qiyin emas. Chunki davlatimiz tomonidan yaratilayotgan har qanday imkoniyatlardan to‘liq foydalanaman, — deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti magistranti, birinchi guruh nogironi Osiyo Hoshimova.
Osiyo litseyda o‘qib yurgan kezlaridanoq kompyuterni mukammal o‘rganishga harakat qildi. Kompyuter bo‘yicha ilk savodini poytaxtimizdagi markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasida Umid Xudoyorbekovdan oldi. Ustozi unga klaviatura bilan qanday ishlashni o‘rgatdi. 2022 yilda imkoniyati cheklangan qizlar o‘rtasida “Skills for girls” loyihasi tashkil qilindi. Ushbu loyiha asosida sohaga qiziqqan imkoniyati cheklangan qizlar o‘qitildi.
Unda grafik dizayn va kompyuter savodxonligi bor edi. Osiyo kompyuter savodxonligi kursini tanladi. Ustozi Sherzod Boboqulov klaviaturaning har bir qatoriga 3 soatdan vaqt ajratib, qunt bilan o‘rgatdi. Osiyo kabi qizlar kompyuterni gapiruvchi dastur orqali o‘rganishdi. Imkoniyati cheklangan odamlar kompyuter o‘rganishda ko‘proq barmoqlar joylashuviga e’tibor beradi.
— Eng avvalo barmoqlarimizning klaviaturadagi joylashuvini o‘rgandik, — deydi Osiyo. — O‘rta qatordan boshlab o‘rganish biz uchun anchagina qulay bo‘ldi. Oxirgi darslarimiz Google tarjimonda matnlarni tarjima qilish bilan tugadi. Lekin faoliyatimni to‘xtatganim yo‘q. Hozir dasturlarni o‘zim mustaqil ravishda yuklashni o‘rganyapman. Dasturlar bilan bemalol ishlashni biladigan darajaga yetishni istayman. Maqsadim texnik bilimlar tomonidan hech qanday to‘siqlarga uchramaslik.
Kompyuterni, ayniqsa ko‘rishda nuqsoni bor insonlarga qulayliklari juda ham ko‘p. 2018 yilda o‘rgangan bilimlarim bilan 4-kursda bitiruv malakaviy ishimning hammasini o‘zim mustaqil yoza oldim. Hozir magistrlik dissertatsiyamni ham o‘zim yozyapman.
Hayotimda aytishga arzigulik yutuqlarim anchagina. 2022 yilda nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida o‘tkazilgan "Eng yaxshi kitobxon" ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida birinchi o‘rinni egallab, 20 million so‘m pul mablag‘ini qo‘lga kiritdim.
— Har doim quvnoq kayfiyatda yurasiz, buning uchun siz ko‘proq nimadan kuch-quvvat olasiz?
— Bugun texnika asrida hamma narsa insonni yaxshi va chiroyli yashashi uchun xizmat qilyapti. Faqat uni boshqarishni bilish kifoya. XVIII yoki XX asrda yashagan ko‘zi ojizlardan XXI asrda tug‘ilgan ko‘zi ojizlarga yashash osonroq. Chunki texnika orqali hayotimizga ancha kulayliklar kirib keldi. Bundan tashqari, odamlar bugun bizga ilgarigidek achinish yoki ajablanish ko‘zi bilan qarashmaydi. Shuningdek, shaxsan men o‘zimni hech qachon nogiron deb hisoblamayman. Chunki bizning ko‘zimizdagi nurning kamligi tufayligina ko‘rish imkoniyatimiz cheklangan, xolos.
Qolaversa, davlatimiz rahbarining joriy yilning 27 fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham men kabi nogironligi bor yoshlar uchun ko‘plab imkoniyatlar eshigini ochishiga ishonaman.
O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova suhbatlashdi.