English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy xizmatlar sifati va ko‘lami kengaymoqda
15:18 / 2024-07-04

Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasiga alohida e’tibor qaratilib, ijtimoiy xizmat turlari va ko‘lami kengaytirib kelinmoqda. Bu esa odamlarni hayotdan rozi qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, Farg‘ona viloyatida ijtimoiy himoyaga muhtojlarga manzilli yordam ko‘rsatish hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida muayyan ishlar olib borilyapti.

Farg‘ona shahrida 18 mingdan ortiq ijtimoiy yordam va ko‘makka muhtoj toifadagi aholi istiqomat qiladi. Shu kunga qadar ularni mahallabay aniqlab, ehtiyojini o‘rganadigan, zarur yordam, xizmatlarni tashkil etib beradigan professional tizim yo‘q edi. Mahallalarda ijtimoiy xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgach, bu yo‘nalishda juda ko‘p holatlar yuzaga chiqdi. Endilikda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarni aniqlash, manzilli  yordam ko‘rsatishning o‘ziga xos shaffof va xolis tizimi yaratilgani mavjud muammolar yechimida qo‘l kelyapti. 

Shahardagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida  ochiq tanlov asosida saralab olingan 46 nafar ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi xodim faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Aholini ijtimoiy muhofaza qilish bilan bog‘liq barcha masalalar ular orqali xolis va haqqoniy tarzda hal qilishga e’tibor berilyapti. Bundan tashqari, ijtimoiy xodim aholiga davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmat va yordamlar to‘g‘risida, shuningdek, aholining mazkur xizmatlarni olishga bo‘lgan huquqlari bo‘yicha tushuntirishlar berib  bormoqda.  

– O‘tgan 5 oy davomida yolg‘izlar reyestrida bo‘lgan 82 nafar shaxs reyestrdan chiqarildi, – deydi  Farg‘ona shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori G‘iyosjon  Haydarov. – Ularning 12 nafari vafot etgani, 7 nafari chet elga uzoq muddatli davolanish uchun ketgani, 3 nafari qarindoshlari bilan aloqalari tiklanganligi aniqlandi. 60 nafari esa qayta baholash natijalariga ko‘ra, yolg‘iz keksalar reyestridan chiqarildi. Xatlov jarayonida aniqlangan 20 nafar shaxslar yolg‘iz keksalar reyestriga kiritildi.  

Ijtimoiy xodimlar tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida ota-ona qaramog‘isiz qolgan 388 nafar mehrga  tashna bola borligi aniqlandi. Ularning  22 nafariga vasiy, 10 nafariga homiy tayinlanib, 7 nafari oilaga tarbiyaga berildi, 4 nafari oilaviy bolalar uyi,  3 nafari esa bolalar uyiga joylashtirildi. Chin yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning 8 nafari “Mehr daftari” jamg‘armasi hisobidan uy-joy bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar 5 nafari uy bilan ta’minlandi, boshqa xonadonlarda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.  

“Sharshara” mahalla fuqarolar yig‘ini ijtimoiy xodimi Dildoraxon Valiyeva Sharshara ko‘chasida yashab kelayotgan Umidaxon Yoqubovaning oilaviy hayoti bilan tanishib, unga har jihatdan amaliy yordam ko‘rsatdi. Holat bo‘yicha harakatlar rejasiga asosan birinchi navbatda ayolga psixologik yordam berildi.  Ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan turmush o‘rtog‘i Rossiyada jazoni o‘tash muassasasida ekanligini aniqlashtirib, aloqa tiklandi.  

Birinchi guruh onasiga qarab turganlik dalolatnomasi rasmiylashtirilib, shu orqali bolalar nafaqasi tayinlanishiga ko‘maklashildi. Ikki nafar farzandlariga tadbirkorlar ko‘magida maktab o‘quv qurollari, kiyim- kechaklar olib berib, maktabga qaytarildi, qo‘shimcha ingliz tili to‘garagiga yo‘naltirildi. Bugungi kunda ham oilaning doimiy monitoringi olib borilmoqda.  

Umuman olganda, mahallada professional ijtimoiy xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sifatini yaxshilash hamda manzilli bo‘lishiga xizmat qilmoqda.  

M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri