English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy muhofaza – muhim masala
20:08 / 2022-12-08

– O‘zim ishlayotgan “Marhamattumangaz” korxonasi rahbariyati tomonidan mehnat shartnomam bekor qilinib, ishdan nohaq bo‘shatilgan edim, – deydi ushbu korxona xodimi Ziyoviddin Umrzoqov. – Ana shu ish yuzasidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Andijon viloyati Kengashi apparatining hududiy Mehnat huquq inspeksiyasiga murojaat qildim. Arizam o‘rganib chiqilib, inspeksiya tomonidan shartnoma noqonuniy bekor qilingan, deb topildi va men o‘z ishimga tiklandim.

Mamlakatimiz Bosh qomusining 59-moddasida “Kasaba uyushmalari xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari va manfaatlarini ifoda etaladi va himoya qilinadi” deb qat’iy belgilab qo‘yilgan. Ana shu hujjatga ko‘ra, yurtimizda kasaba uyushmalari tomonidan fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini muhofaza qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mazkur yo‘nalishda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Andijon viloyati Kengashi tomonidan ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.  

  – Joriy yilning o‘tgan davrida mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va intellektual manfaatlarini himoyalash, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, aholining bandligini ta’minlash, mehnatni muhofaza qilish, fuqarolar ma’naviyatini yuksaltirish, xodimlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish borasida muayyan ishlar olib borildi, – deydi  O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Andijon viloyati Kengashi raisi Qodirjon Parpiyev. – Birgina Kengash apparatining Mehnat huquqi inspeksiyasi tomonidan 108 nafar fuqaroning mehnat qonunchiligiga oid ariza va murojaatlari ko‘rib chiqildi. Har bir murojaat bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazilib, fuqarolarga qonuniy yordamlar ko‘rsatildi, ularning buzilgan huquqlari tiklandi.    

Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat hokimligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Andijon viloyati Kengashi hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida hududiy kelishuv hamda viloyat miqyosidagi boshqarma va idoralar bilan ana shu maqsadlarga yo‘naltirilgan qo‘shma qaror va qator tadbirlar imzolanib, ularda belgilangan vazifalar ijrosi ta’minlab kelinmoqda. Mazkur jarayonda xodimlarga qulay mehnat va dam olish sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor berilmoqda. Natijada, xodimlar ish beruvchi va kasaba uyushmalari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik asosida yaratib berilayotgan ko‘plab imtiyoz va kafolatlardan foydalanmoqda.

Ayni paytda viloyatdagi korxona va tashkilotlarda 10 ming 191 ta jamoa shartnomasi amal qilmoqda. Jamoa shartnomalariga kiritilgan tadbirlarga asosan, ish beruvchilar mablag‘lari hisobidan 12 ming 102 nafar xodim va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish uchun 2 milliard 765 million 300 ming so‘m mablag‘ sarflandi.

Jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” dasturini bajarilishi borasida ish beruvchi va kasaba uyushmalari hamkorligida ham qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 228 ta korxonada 294 nafar pensiya yoshidagi shaxsga 94 million 447 ming so‘m miqdorida moddiy yordam pullari va sovg‘alar berildi. Ishlamaydigan 1 ming 136 nafar pensionerga 198 million 49 ming so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, turli bayramlar munosabati bilan korxonalardagi nogironligi bo‘lgan va o‘zgalar parvarishiga muhtoj 167 nafar fuqaroga 50 mlillion 722 ming so‘m, mehnat ta’tilidagi bola parvarishi bilan shug‘ullanayotgan 290 nafar ayolga 102 million 542 ming so‘m miqdorida yordam ko‘rsatildi.

Kasaba uyushmasi tashabbusi bilan korxonalarida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning 2 ming 673 nafar farzandiga 161 million 690 ming so‘m miqdoridagi o‘quv qurollari harajatlari qoplab berildi. Shuningdek, kam ta’minlangan 1 ming 612 ta yosh oila vakillariga 481 million 987 ming so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 57 nafar sharoiti og‘ir oilalar farzandlari hamda chin chin yetim uchun 254 million 550 ming so‘m miqdoridagi shartnoma pullari to‘lab berildi.  

Uy-joy qurish va uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar xarid qilish uchun 38 ta yosh oilaga 151 million 310 ming so‘m  miqdorida foizsiz ssudalar ajratilganligi ham ana shu oilalarning turmush farovonligini yaxshilashga xizmat qildi.

Kengash, uning bo‘limlari hamda tuman, shahar kasaba uyushmalari kengashlari tomonidan mahallalarda, mehnat jamoalarida, ta’lim muassasalarida O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuni va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlar ijrosini ta’minlash, mehnatkashlar uchun qulay ish sharoitlarini yaratish, ishlab chiqarishda jarohat va kasb kasalliklarining oldini olish, xodimlarning huquqiy savodxonligi va madaniyatini yuksaltirish, mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi mavzularida qator suhbatlar, uchrashuvlar va seminarlar o‘tkazilganligi  mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Viloyatda mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish borasidagi bu kabi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda  aytganda, kengash tomonidan bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish uchun davlat va jamoat tashkilotlari, o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, huquqni muhofaza qilish  idoralari, umuman, keng jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Asosiy maqsad, Bosh qomusimizda belgilanganidek, mehnatkashlar ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, fuqarolar turmush farovonligini yanada yuksaltirishga qaratilgan.  

 

                                              Faxriddin UBAYDULLAEV,

O‘zA