
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan 2018 yildan buyon turli mavzularda hikoyalar tanlovi o‘tkazib kelinadi.
Tanlov tashkilotchilari adabiyotning kichik – hikoya janrining turli qirralarini rivojlantirish, yangi iste’dodlarni kashf etishni nazarda tutgan.
2022 yilda o‘tkazilgan tanlovning mavzusi "Ijod yaratgan olam" deb ataladi. Tanlov nomi shoir Nikolay Ilin yozgan she’rning bir satridan olingan.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid va boshqalar mamlakatimizda turli millat va elat vakillarining erkin ijod qilishi, o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilayotganini ta’kidladi. Bu jihatlar adabiyot sohasida qalam tebratayotgan ijodkorlar faoliyatida ham o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.
Tanlov ishtirokchilariga syujeti o‘ziga yaqin bo‘lgan biron-bir surat yoki haykal haqida hikoya yozish taklif qilindi. Agar surat yoki haykal yangi syujet yaratishga da’vat etsa, yanada yaxshi. Muallif surat (haykal) syujetini o‘z yo‘sinida hikoya qilib berishi yoki o‘zi yaratgan syujet ichida uning yaratilishi tarixini hikoya qilishi, surat(haykal)dan hikoyaning obrazi sifatida foydalanishi mumkin.
– Bu yoshlarning iste’dodini charxlaydigan o‘ziga xos ijodiy tanlov, – dedi taniqli adib Luqmon Bo‘rixon. – U odamlarda badiiy ruhni, badiiy tafakkurni yanada boyitishga, kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ishtirokchilar qadimda yashab o‘tgan buyuk rassomlar, haykaltaroshlar, dunyoning turli davlatlari, shuningdek, O‘zbekistonda ijod qilayotgan mo‘yqalam sohiblari asarlariga murojaat etdilar.
Hakamlarning ovoz berish natijalariga ko‘ra tanlovda quyidagi g‘oliblar aniqlandi.
O‘zbek guruhida birinchi o‘ringa Ozod Mustafoyev "Oleandr yoxud umid guli" hikoyasi uchun, ikkinchi o‘ringa Azizaxon Ismoilova "Uzuk" hikoyasi uchun, uchinchi o‘ringa Charos Avazova "Qaytish" hikoyasi uchun munosib topildi.
Rus guruhida birinchi o‘rin Yekaterina Popovaga "Prizrachnыye bogi" ("Xayoldagi ilohlar") hikoyasi uchun, ikkinchi o‘rin Bax Ahmedovga "Zerkalo vremeni" ("Vaqt hikoyasi") uchun, uchinchi o‘rin Galina Shiryayevaga "Portret damы v golubom" ("Moviy ko‘ylakli xonim") hikoyasi uchun berildi.
G‘oliblarning hikoyalari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan nashr etiladigan jamoaviy almanaxda chop etiladi.
N.Usmonova, O‘zA