English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokimlik tadbirkorga 405 million so‘m to‘laydi
17:02 / 2023-05-16

Payariq tuman hokimining 2019 yil 18 yanvardagi qarori bilan Go‘zal mahallasidagi fuqarolarga tegishli 8 ta uy-joy buzilib, yer maydoni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarib olingan.

Ushbu yer maydonining 0,70 gektari ma’muriy binolar qurish uchun bir nechta tashkilotlarga ajratib berilgan. Qarorda ko‘rsatilmagan bo‘lsada, “Nigor NV” MCHJning mazkur hududda joylashgan noturar joy bino va inshootlari ham buzilib, 0,08 gektar yer maydonida bino qurildi.

Samarqand viloyati adliya boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, oradan uch yil o‘tib masala butkul teskari tus olgan. Tadbirkorga yetkazilgan zarar unga tegishli binolar hokim qarori bilan buzilmaganligi, bunga qurilishni amalga oshirgan tashkilot javob berishi vaji bilan qoplab berilmagan. Hokimiyat mas’ullari esa yillar davomida tadbirkorga kompensatsiya to‘lovi va boshqa yer ajratilishi haqida og‘zaki va’dalar bergan, lekin bajarmagan. Tadbirkor olib qo‘yilgan yer maydoni uchun ham shu paytga qadar soliq to‘lovlarini to‘lab kelgan. Kadastr hujjatlariga ham tegishli o‘zgartirish kiritilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 985-moddasi 1-qismiga asosan, g‘ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, shuningdek yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, shu jumladan boy berilgan foyda zararni yetkazgan shaxs tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim. Huquqlari buzilib, o‘ziga tegishli yer maydoni olib qo‘yilgan tadbirkor hokimlik ostonasida sarson bo‘lgach, Payariq tuman adliya bo‘limiga murojaat qildi. Adliya bo‘limi uning manfaatini ko‘zlab Payariq tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritdi. Sud ishni batafsil o‘rganib, adliya bo‘limining da’vo talabini qisman qanoatlantirdi. Ya’ni, Payariq tuman hokimligidan “Nigor NV” MCHJ foydasiga jami 405 million 27 ming so‘m zararni undirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

G‘.HASANOV, O‘zA