English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim yordamchisi – aholiga ko‘makchi
14:08 / 2023-01-04

Bundan roppa-rosa bir yil oldin Prezidentimiz tashabbusi bilan mahallalarda hokim yordamchilari ish boshlagan edi. bugungi kunda mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari uyma-uy yurib oilalar ahvolini o‘rgangan holda, tegishli tartibda choralar ko‘rmoqda. Oilalarning iqtisodiy ahvoli yaxshilanishiga o‘z hissalarini qo‘shmoqda.

Karmana tumanidagi mavjud 43 ta mahalla fuqarolar yig‘inlariga tayinlangan hokim yordamchilari tomonidan aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Mir Said Bahrom mahallasidagi hokim yordamchisi Behzod Savurov tomonidan ishsiz yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, kreditlar olish, yoshlarning kasb-hunar o‘rganishlari uchun bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.  

– Mahallamizda 2600 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi hokim yordamchisi Behzod Savurov. – Mahallamiz drayveri sifatida xizmat ko‘rsatish sohasi belgilangan. Bunga sabab aholi xonadonlarida yer maydoni kamligi, bundan tashqari, mahalla tuman markazida joylashganligidir.  Mahallamizda 103 ta kichik biznes sub’ektlari mavjud bo‘lib, ularning 9 tasi sanoatda, 78 tasi savdo va xizmat ko‘rsatishda va 16 tasi boshqa yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatadi.  

Hokim yordamchisi tashabbusi bilan hududdagi bo‘sh turgan 8 ta ob’ekt tadbirkorlarga foydalanish uchun berildi va ishga tushirildi. Shuningdek, foydalanilmay kelinayotgan va qurilishi tugallanmagan bino zamonaviy ko‘rinishga keltirilib, o‘quv markazi tashkil etildi.  

“Algorizmus” nodavlat ta’lim markazi hokim yordamchisi ko‘magi bilan tashkil etilgan o‘quv markazlaridan biridir.  

– Hokim yordamchisi Behzod Savurovning sa’y-harakati bilan ushbu qarovsiz binoni qayta ta’mirlab, o‘quv markaziga aylantirdik, – deydi tadbirkor Sh.Nuriddinov. – Hozirda 14 nafar pedagog 9 ta fan yo‘nalishida yoshlarga bilim bermoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj va ko‘p bolali oilalar farzandlari uchun to‘lovlarda chegirmalar joriy qilingan.  

– Mazkur o‘quv markazida axborot texnologiyalari yo‘nalishiga e’tibor qaratilganligiga  asosiy sabab mahallada istiqomat qiluvchi bolalarning aksariyati bu sohaga qiziqadi. Shuningdek, mahalladagi 2-sonli maktab asosan IT sohasiga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, o‘quvchilarimiz 2021 yilda “Bir million dasturchi” loyihasining respublika bosqichida faxrli birinchi o‘rinni egallagan, – deydi hokim yordamchisi.  

Mahallaning tuman markazida joylashganligi hamda aholining talab va istaklaridan kelib chiqib bugungi kunda hududda ko‘p qavatli binolar qurilyapti. Ko‘p qavatli binolarning birinchi qavati va yer to‘lasidan unumli foydalangan holda xizmat ko‘rsatish ob’ektlari  tashkil etilmoqda.  

– Foydalanishga qabul qilingan 5 qavatli binoda 10 ga yaqin xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etildi, – deydi mahalla raisi Shokir Karimov. – Tashkil etilgan xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida 15 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, uy yer to‘lasida tikuvchilik, milliy shirinliklar ishlab chiqarish sexi tashkil etilib, mahallamizdagi ishsiz xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi.  

Mahallada tadbirkor Ozoda Cho‘liyeva tikuvchilik yo‘nalishida 10 nafar xotin-qiz bilan hamkorlikda kooperatsiya tashkil etdi.  

– bugungi kunda kooperatsiyamiz a’zolari bo‘lgan xotin-qizlarimizga yarim tayyor (kesib bichilgan matolar) mahsulotlar yetkazib beramiz. Ular esa tayyor mahsulot tayyorlab berishadi, – deydi tadbirkor O.Cho‘liyeva. – Hozirda ular uyda o‘tirgan holda oyiga ish hajmiga qarab 1,5 - 3 million so‘mgacha daromad qilmoqda.  

2022 yilda mahallada oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 60 nafar tadbirkorga 1 milliard 489 million so‘mlik kreditlar ajratildi. Jumladan, tadbirkor U.Umarov 225 million so‘m kredit evaziga yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etib, antiseptik vositalar ishlab chiqarish va qadoqlash xizmatini yo‘lga qo‘ydi. 8 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Fuqaro X.Kamolova esa 25 million so‘m kredit olib, tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullana boshladi va 2 ta ish o‘rni yaratdi.  

Mahallada hokim yordamchisi yordami bilan “Yoshlar daftari”dagi 10 nafar yoshga o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yishlari uchun tijorat bankidan imtiyozli kredit ajratildi. “Ayollar daftari” ga kiritilgan 10 nafar xotin-qiz esa kasb-hunarga o‘qitildi, 1 nafariga chorvachilikni rivojlantirish uchun imtiyozli kredit ajratildi va 6 nafariga tikuv mashinalari olib berildi.  

Xullas, bugungi kunda mahalladagi hokim yordamchilari aholining haqiqiy ko‘makchisiga aylanmoqda. Ular ko‘magida aholining muammolari o‘rganilib, joyida bartaraf etilayotir.  

 

Abduvali Bo‘riyev,  

O‘zA