English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Harakat xavfsizligi oyligi" davom etmoqda
15:57 / 2022-11-26

Toshkent viloyati hokimining tegishli farmoyishi asosida joriy yilning 15 noyabridan 15 dekabrgacha “Harakat xavfsizligi oyligi” profilaktika tadbiri o‘tkazilmoqda. Bunda serqatnov chorrahalar, odamlar gavjum bekatlar, bozorlar, o‘quv muassasalari atrofida transport vositalari qoidalarga rioya qilishi zarur bo‘ladi.

Tahlillarga ko‘ra, hududda sodir bo‘lgan yo‘l transport hodisalarining 30 foizini “Damas” rusumli avtoulovlar ishtirokida bo‘lganligini inobatga olib, oylik doirasida shu rusumdagi avtoulov haydovchilari bilan joylarda profilaktik suhbatlar o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, viloyat IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan ta’lim muassasalari, avtokorxona va tashkilotlar, ishlab chiqarish korxonalari va jamoat joylarida “Diqqat yo‘lovchi”, “Umr tezlikdan muhimdir” va “Xavfsizlik kamari hayot garovi” shiorlari ostida profilaktik tadbirlar tashkil etilmoqda.  

Oylik davomida tuman-shahar ko‘chalarida YTHlarning ayanchli oqibatini aks ettiruvchi “avtokarvon”lar yurgizilib, jarayonda harakat ishtirokchilari bilan suhbatlar tashkil qilinmoqda. Suhbatlarda yo‘l harakati xavfsizligi tizimida yangi qabul qilingan qarorlar, yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘layotgan omillar va yangi tahrirdagi yo‘l harakati qoidalari to‘g‘risida ishtirokchilarga huquqiy tushunchalar berilib, sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari yuzasidan tayyorlangan videolavhalar namoyish etilmoqda. 

 

Xususan, Parkent tumani hududida faoliyat yurituvchi avtomaktab o‘qituvchilari bilan yo‘llarda sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalari, o‘quvchilarga ta’lim berish jarayonida urg‘u berilishi kerak bo‘lgan holatlar yuzasidan uchrashuv tashkil etildi. Bundan tashqari, ushbu oylik samaradorligini oshirish maqsadida qoidalarga amal qilmagan harakat ishtirokchilariga tegishli choralar ko‘rilmoqda. Piyodalarga yo‘l bermagani uchun 1 ming 47 nafar haydovchiga chora ko‘rilgan bo‘lsa, 838 ta holatda piyodalar qoida buzgani aniqlangan. Qoidalarga amal qilmagan piyodalarning aksariyati yoshlar bo‘lib, piyodalar o‘tish yo‘lagidan (mumkin bo‘lmagan joylardan ham) quloqchinlar taqib yoki video mahsulotlar ko‘rgan holda harakatlangani aniqlangan. YPX xodimlari tomonidan ular bilan shu yerning o‘zida profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, tushunchalar berilyapti. Shuningdek, tadbir davomida turli holatlar yuzasidan qidiruvda bo‘lgan 670 ta avtomobil va 75 ta qidiruvdagi shaxs YPX xodimlari tomonidan aniqlanib, qonuniy chora ko‘rilishi ta’minlandi. Hozirda viloyat bo‘ylab "Harakat xavfsizligi oyligi" doirasida nazorat-reyd va faol targ‘ibot tadbirlari davom ettirilmoqda.  

A.Musayev, O‘zA.