English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har qanday Konstitutsiya hayotiy bo‘lishi, xalqning orzu-umidlari va istiqboliga mos kelishi lozim
14:27 / 2022-12-08

Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutida «Xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Xayrullo G‘afforov Yangi O‘zbekiston demokratik tamoyillar, inson huquq va erkinliklari borasida umume’tirof etilgan prinsip va normalarga asoslanganini ta’kidlab, konstitutsiyaviy islohotlar haqida to‘xtaldi. Har qanday Konstitutsiya hayotiy bo‘lishi, mamlakatning ijtimoiy va huquqiy voqeliklariga, xalqning orzu-umidlari va kelajak istiqboliga, xususan, zamon talabiga mos kelishi lozimligini qayd etdi.

— Konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ayollar va qizlarning qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni ta’minlashning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini yanada rivojlantirishdir, — dedi davra suhbatida Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova. — Konstitutsiyamizga taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi norma hamda tamoyillariga to‘liq mos. Alohida e’tirof etish kerakki, mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining konstitutsiyaviy qonun loyihasiga rasmiy sharhlari va takliflari olindi. bugungi kunda senator va deputatlar tomonidan hududlarga chiqib, yoshu keksa ishtirokida qator uchrashuvlar tashkil etilib, konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilayotir. Bu esa yanada puxta va xalqchil Qomus yaratilishida muhim.

Shuningdek, tadbirda Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavludaxon Xo‘jayeva, Asqar G‘afurov va boshqalar Konstitutsiyaviy qonun loyihasini yanada takomillashtirish jarayonlari, Konstitutsiyaviy sud tomonidan konstitutsiyaviy nazorat faoliyatining amalga oshirilishi borasida to‘xtalib o‘tdilar.

Tadbir davomida «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi» to‘plami taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. To‘plam haqida Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Foziljon Otaxonov ma’ruza qilib, institut tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyamiz haqida bildirgan fikr va mulohazalari ifoda etilgan ma’ruzalari yagona to‘plam holiga keltirilganini ta’kidladi.

Anjuman ishtirokchilari va ekspertlar institut tomonidan ishlab chiqilgan mazkur to‘plam keng jamoatchilik, xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, oliy ta’lim muassasalarining talabalari, ilmiy tadqiqotchilar amaliyotchi mutaxassislar uchun foydali manba bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladilar.

Muhtarama Komilova, O‘zA