Mamlakatimizda adashgan yoshlarni jamiyatga qaytarish, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida jazodan ozod etilayotgan navqiron avlod vakillarini probatsiya qilish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Namangan viloyati kengashi raisi nomiga 2024 yilning o‘tgan olti oyi mobaynida viloyat hududida istiqomat qiluvchi fuqarolardan “Yoshlar kafilligi” sohasida jami 14 murojaat kelib tushdi.
Mazkur murojaatlarning sakkiz nafarida ijtimoiy xavflilik darajasi o‘rganilib chiqildi. Natijada, ularga kafolat xatlari berilib, kengash tomonidan jamoat himoyachisi tayinlandi.
Shu asosda ko‘rilgan va muhokama qilingan sud hukmlariga ko‘ra, yettita holatda kafolat xatlari e’tiborga olindi. Ya’ni, aybiga iqror va afsus chekkan to‘rt nafar huquqbuzar yoshga nisbatan yengillashtiruvchi jazo turlari tayinlangan bo‘lsa, jinoiy qilmishlaridan chin dildan pushaymon bo‘lgan uch nafar yosh sud zalida qamoqdan ozodlikka chiqarildi. Ayni vaqtda esa, ikkita murojaat sud organlari bilan birgalikda o‘rganish jarayonida turibdi.
Masalan, jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumani sudida jinoyat sodir etgan mazkur tumanning Poromon mahallasida yashovchi 23 yoshli H.Yu. Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida sud zalidan ozod etildi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-169-moddalarining tegishli qismlari bilan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud u sodir etgan talon-toroj va firibgarlik qilmishini o‘zi to‘la anglamagan holda sodir etgani, qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligini e’tiborga oldi. Unga nisbatan qo‘llanilgan 4 yildan ziyod muddatga belgilangan jazo bekor qilindi. Insonparvarlik, bag‘rikenglik va odillik tamoyillariga tayanib, Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida qonun doirasida yengillik berildi.
– Qamoqdan chiqarilgan yoki ozodlikdan mahrum etish jazosi bekor qilingan yoshlar bilan biriktirilgan xodimlarimiz doimiy ravishda muloqotda bo‘lmoqda, – deydi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Namangan viloyati kengashi raisi Azizbek Toshmatov. – Ular uchun tuzilgan bir yillik ish rejaga binoan yoshlarni qayta jinoyat ko‘chasiga kirmasligini ta’minlash maqsadida aniq manzilli ishlar olib borilmoqda.
Yoshlar ittifoqi kafilligi bu katta imkoniyat. Boisi, har bir yosh etu tirnog‘imiz. Biroq, shuni ham unutmaslik kerakki, hech qanday jinoyat jazosiz qolmaydi, albatta. Qonunni bilmaslik hech kimni javobgarlikdan asrab qolmaydi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.