English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har bir sudyaning "tankasi" bor, unga "tosh otishsa" ham, sudya "tankasi"ga tayanishi zarur
10:43 / 2022-08-08

Barchamiz faoliyatini endi boshlayotgan har bir sudya qasamyod qabul qilishi va sud binosida Davlat bayrog‘i hamda sud majlisi zallarida Davlat gerbi tasviri joylashtirilishini yaxshi bilamiz.

«O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida»gi va «Sudlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuning 7-moddasiga ko‘ra, sud binosida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i ko‘tariladi, sud binosining old tomonida va sud majlislari zalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri joylashtiriladi.

Yaxshi bilasizki, Davlat gerbning pastki qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida «O‘zbekiston» deb yozib qo‘yilgan.

Sudya ana shu Davlat gerbi ostida O‘zbekiston nomidan qaror qabul qiladi. Shu ma’noda Davlat ramzlari va qasamyod har bir sudyaning "tankasi"dir.

Ayni shu asosda ham birinchi bosqich sudi sudyasining hal qiluv qarori, hukmi O‘zbekiston Respublikasi nomidan e’lon qilinadi.

Aytish kerakki, sud davlat hokimiyatining bir bo‘g‘inidir. Har bir sudya sud hokimiyatini amalga oshirar ekan, odil sudlovni, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlay olishi kerak.

Sudya tomonidan qaror qabul qilinadigan sud majlisi zallarida davlat gerbi tasvirining joylashtirilishi, bu – sudya uchun eng avvalo juda katta mas’uliyat va o‘ta og‘ir yukni his etib turishini hamda buni bir lahza ham yoddan chiqarmasligi shartligini anglatadi.

Illo, davlat nomidan, davlat ramzlari ostida ish ko‘rish vakolatiga ega bo‘lgan qozi davlat ramzlariga xiyonat qilishi, o‘ta og‘ir jinoyatdir.

Shu bilan birga, qozi qaror qabul qilishda hech kimdan ko‘rmagan, manfaatdor bo‘lmagan, hech bir shaxs, tashkilotning ta’siriga tushmagan yoki keyingi muddatga o‘tish yo o‘tmay qolish hollaridan hayiqmagan holda, to‘g‘ri, adolatli, qonuniy qaror qilishi, shu bilan birga, ushbu qarori yuqori instansiyada bekor bo‘lish hollarida ham o‘zining prinsipial pozitsiyada qolishini ko‘zda tutib, o‘zgarib turuvchi turli amaliyotlar ta’siriga berilmasdan, faqat va faqat adolat, qonun va yuqorida qayd etilgan "tankasi"ga doim sodiq holda qaror qabul qilaverishi lozim.

Katta manfaatlar to‘qnashsa...

Yurtimiz aholisi 35 000 000 dan ortiq, olimlarning fikricha, agar yer yuzida 38 000 000 000 odam yashasagina, aynan bir xil fikrlaydigan ikkita odam topilishi mumkin ekan.

Demak, hayotga reallik asosida qarovchi har bir uyg‘oq kishiga sir emaski, xohlaysizmi-yo‘qmi sudya haqida, sud haqida turli qarashlar, fikrlar bo‘lgan va bo‘laveradi. Ba’zan sudda manfaatlar to‘qnashib turadi. Katta-katta manfaatlar ham to‘qnashib ketadi. Pirovard esa, atrofda qoziga noto‘g‘ri qarash, undan noo‘rin o‘pkalanish, "tosh otish" hollari ham bo‘lib turadi. Bunday qarashlar esa, o‘z-o‘zidan odil sudlov-ishonchga ta’sir etmay qolmaydi.

Bilasizki, aholi ishonchi yuksak kuch. Bu kuch har qanday davlatni istiqbolga, taraqqiyotga so‘zsiz yetaklovchidir.

Demak, bunday holatlarda sudyaga qanchalik qiyin bo‘lmasin, halol va vijdonan ish ko‘rishi, odil sudlovni faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshirishi, sudyalik burchi va vijdoni buyurganidek beg‘araz, xolis va adolatli, ochiq, shaffof faoliyatdan bir qadam ham chekinmasligi darkor.

Behbudiy hazratlari aytganlaridek, «Haq olinur, berilmas». Ayni mana shu jarayonda odil sudlovga nisbatan aholi ishonchini oshirish, davlat va jamiyatdan odamlarni rozi etish, olib borilayotgan davlat islohotlari natijasiga erishish, samarasini ro‘yobga chiqarish sudyadan fidoyilik, jumardlik, kerak bo‘lsa, jonfidolik talab etadi.

Zero, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash osonlik bilan yoki baland parvoz raqamlar asosida o‘rnatiladigan jarayon emas.

 Buning natijasi qachon ko‘rinadi?

Agar aholining ko‘pchiligi bir ovozdan «oxirgi nuqtani sud qo‘yadi, sud borku... sudda gaplashamiz», deyishsagina buning natijasi ko‘rinadi.

Gapning indallosi shuki, har qanday islohotlar, u xoh sud-huquq, xoh iqtisodiyot, xoh ijtimoiy va yoki boshqa sohalarda bo‘lmasin, ushbu islohotlarning natijasi albatta odil sudlov bilan, aholining sudga ishonchi bilan uzviy bog‘liqdir.

Agar odamlar mansabdorlardan emas, qonundan qo‘rqsa, sudga ishonsa, har qanday vaziyatda ham «odil sud borku», deb baralla aytsa, islohotlar natijasi ana shunda yorqin bo‘y ko‘rsatadi.

O‘z o‘rnida alohida ta’kidlash lozimki, odil sudlovga ishonch olib borilayotgan islohotlarga ishonch demakdir. Chunki har bir demokratik davlatning mohiyati, bu – qonunlar asosida yashash deganidir. Qonunlarni og‘ishmay qo‘llash va adolatni ta’minlash odil sudlov hamda sudya adolatidan darakdir.

Bir so‘z bilan aytganda, sud, bu – hokimiyat. Sudya esa, shu sud hokimiyatini amalga oshiruvchi xolis shaxsdir.

«Sudlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuning 60- moddasiga muvofiq, endi faoliyatini boshlayotgan qozilar «zimmamga yuklatilgan vazifalarni halol va vijdonan bajarishga, odil sudlovni faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshirishga, sudyalik burchim va vijdonim buyurganidek beg‘araz, xolis va adolatli bo‘lishga tantanali qasamyod qilaman», deb O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i oldida qasamyod qiladi.

Yuqorida qayd etib o‘tilganlardan xulosa shuki, har bir sudya, har qanday vaziyatda ham boshi uzra qarab turgan o‘z "tankasi" –Davlat ramzlariga va albatta ichgan qasamiga sadoqat bilan sobit qolishi hamda shu asosda sudya qo‘rquv, ikkilanish, mansabga yopishib qolish hissidan mutlaqo xoli bo‘lishi shart!



Nuriddin Murodov

Toshkent shahar

Toshkent tumanlararo

iqtisodiy sudi raisi