
Andijonda “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezry fazilat” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Keksalar haftaligi” doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Nuroniylarga, mehnat faxriylariga hurmat-ehtirom ko‘rsatilayotir.
Marhamat tumanida ham haftalik doirasida tadbirlar o‘tkazildi. Tuman hokimligi, “Nuroniy” uyushmasi tuman bo‘linmasi tashabbusi bilan bir guruh faollar, o‘quvchi yoshlar Qo‘rg‘oncha mahallasi, Bahoriston ko‘chasida istiqomat qilayotgan 101 yoshli Habibaxon ona Kolonova xonadonida bo‘lib, tabarruk onaxonning suhbatidan bahramand bo‘ldi.
Anchagina tetik, so‘zlari tiniq onaxon yo‘qlovdan xursand bo‘lib, mehmonlarga o‘tmish xotiralarini so‘zlab berdi.
– Yoshlik paytimdayoq yelkamga ketmon ilib dalaga chiqqanman, – deydi Habibaxon ona yoshlik yillarini eslab. – Chunki u paytlar nihoyatda og‘ir, inson qadr-qimmati haqida hech kim o‘ylamas edi. Bolalik gashti nimaligini bilmay, kattalar bilan bir qatorda g‘o‘za chopganmiz, ariq tozalaganmiz. Faqat qorin to‘yg‘azish uchun ishlardik. Kolxozda ipak qurti boqish, nimaiki ish bo‘lsa, bajarganmiz. Ayniqsa, urush yillarini eslasam, ko‘zimga yosh keladi. Qancha yigitlar urushga ketib qaytmadi, qancha yosh ayollar beva qoldi. Ana shunday og‘ir davrlarni farzandlarimiz hech qachon ko‘rmasin, bugungiday tinch va farovon hayotning qadriga yetish kerak.
Onaxon bugungi tinch hayotimizga shukronalar keltirib, duolar qildi.
– Shu kunlarga, tabarruk yoshlarga yetkazganiga shukr. Ilohim, yurtimiz tinch, hayotimiz yanada farovon bo‘lsin. Bugungiday tinch, to‘kin va go‘zal hayotimizga aslo ko‘z tegmasin.
Faollar tomonidan Habibaxon ona Kolonovaga sovg‘a-salomlar topshirildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA