English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Guterrish: 2023 yilda biz uchun eng muhimi tinchlikka erishish
14:44 / 2022-12-30

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish yangi yil oldi murojaatini e’lon qildi. Unda 2023 yilda sayyoramizda tinchlikka erishish zarurligi ta’kidlanadi. Uning murojaatnomasi BMT saytiga joylashtirildi. Guterrishning ta’kidlashicha, Yangi yilning kirib kelishi har safar “eski yilning kulini supirib tashlash” va “yangi yorug‘ kunga” tayyorlanish uchun ajoyib daqiqalar hisoblanadi.

«O‘tib borayotgan 2022 yil murakkab bo‘ldi. Ukraina, Afg‘oniston, Kongo demokratik respublikasi va boshqa bir qator mamlakatlarda odamlar vayron bo‘lgan uylarini tark etishga va qandaydir yaxshiroq hayot qidirib odatiy turmush tarzini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. 2023 yilda biz eng avvalo har qachongidan ham zarur bo‘lgan tinchlikka erishishimiz kerak», – deb bayonot berdi Guterrish.

Uning aytishicha, dunyo bo‘ylab urush, o‘rmon yong‘inlari, qurg‘oqchilik, qashshoqlik va ocharchilikdan omon qolish uchun taxminan yuz million kishi o‘zlarining qadrdon maskanlarini tark etishga majbur bo‘ldi. Bosh kotibning qo‘shimcha qilishicha, bugungi kunda o‘zaro muloqotlar yo‘li bilan tinchlikka erishish, mojarolarga barham berish kerak. BMT rahbarining ta’kidlashicha, insoniyat yanada barqaror kelajak uchun tabiat bilan murosa qilishi zarur. Shuningdek, u ayollar va qizlar munosib va xavfsiz yashashi uchun xonadonlarda tinchlik zarurligi haqida ham ta’kidlagan.

Shu bilan birga, Guterrish din vakillarini ham tinchlikka erishish uchun boshqa e’tiqoddagi odamlarga hurmat bilan qarashga, qolaversa, internetda nafrat va haqoratli iboralarni ishlatishda voz kechishga chaqiradi. «2023 yilda insoniyat o‘z so‘zlari va harakatlarini tinchlikka erishishning asosiy mazmuniga aylantirishi kerak. Kelinglar, 2023 yil hayotimizda, uylarimizda va sayyoramizda tinchlik qaror topishi uchun birgalikda harakat qilaylik», – deya murojaatiga yakun yasagan BMT bosh kotibi.