
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanidagi harbiy qismda viloyatning 11 ta shahar va tumanlaridagi "Yoshlar daftari" ga kiritilgan, muqim ish joyiga ega bo‘lmagan yoshlar uchun 10 kunlik "Jasorat maktabi" o‘quv yig‘ini tashkil etilganligi haqida xabar bergan edik.

Sirdaryoda boshlangan “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘inida ishtirok etayotgan 100 nafar yoshlar kunni ertalabki badan tarbiya mashqlari bilan boshlab, saf tortish, jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari, amaliy-nazariy, ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini oshirish bilan birga kasb-hunar o‘rganish uchun elektronika, payvandlash, IT sohasi hamda tadbirkorlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashmoqda. Shuningdek,"Jasorat maktabi"da yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida turli sport musobaqalari, ko‘ngilochar dasturlar tashkil etildi va mamlakatimizning diqqatga sazovor shaharlariga, harbiy ta’lim va madaniyat dargohlariga sayohat qilish imkoniyatlari yaratildi.

Kecha yig‘inning to‘qqizinchi kuni kechki payt viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Akmaljon Mahmudaliyev yoshlarning harbiy qismda olgan taassurotlarini bilish va ular orasidan milliy armiyamiz saflarida qolish istagini bildirgan yoshlarga yangi imkoniyatlar yaratish, qo‘llab-quvvatlash maqsadida gulxan atrofida ular bilan uchrashuv o‘tkazdi. Viloyat rahbari yoshlar bilan yaqindan samimiy suhbat qurib,ularning kelgusidagi orzu-istaklari,rejalari bilan o‘rtoqlashib, har qanday ko‘mak berishga tayyor ekanligini ta’kidladi.

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv davomida so‘zga chiqqan yoshlar qisqa fursatlarda kasb-hunarga, tartib-intizomga, Vatan uchun xizmat qilish har bir insonning muqaddas burchi ekanligini, tinchlikni, ota-onasini qadriga yetishni o‘rganganliklarini hamda harbiy xizmatga qiziqishi ortganini ta’kidlab, buning uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan hukumatimizga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.
Uchrashuv davomida yig‘in ishtirokchilarining viloyat rahbari bilan bo‘lib o‘tgan samimiy suhbatlari, is’tedodli yoshlar ijrosida yangragan kuy-qo‘shiqlar ularga unutilmas onlarni taqdim etdi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA