English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘ozg‘on marmari xorijda ham xaridorgir
17:37 / 2022-11-28

Prezident tashrifidan so‘ng...

Prezidentimiz bundan uch yil oldin Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida G‘ozg‘ondagi marmar va granit konlari negizida tabiiy toshlarni qayta ishlash, bu ishlarni klaster tizimida amalga oshirish vazifasini belgilab bergan edi.

Unga muvofiq “Marmarobod” klasteri tashkil etildi. Natijada hududga toshlarni qazish va qayta ishlash yo‘nalishidagi yirik loyihalar joylashtirildi.

Davlatimiz rahbari 25 noyabr kuni Navoiy viloyatiga tashrifi davomida G‘ozg‘on shahridagi “Marmarobod” korxonasi bilan ham videoaloqa orqali bog‘lanildi.

Marmar va granit toshlarni qazib olib, qayta ishlashga ixtisoslashgan ushbu korxonaga Xitoy va Erondan zarur uskunalar olib kelindi. Bu uskunalar zamonaviy bilimga ega muhandis va mutaxassislar tomonidan samarali ishlatilmoqda.

bugungi kunda “Marmarobod” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli 4 ta kondan granit harsang toshlar qazib olinmoqda. Bu yerda yiliga 88 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqariladi va uning 43 foizi – 3 million dollarlik tovar eksport qilinadi.

Muhim jihati loyiha ishga tushgandan so‘ng 300 kishi ish bilan ta’minlandi.

– G‘ozg‘on shahrining o‘zida korxona tashkil etilmasdan oldin umumiy miqdorda 15-20 ming kvadrat metr marmar va granit mahsulotlari ishlab chiqarilgan. bugungi kunda 500-600 ming kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, – deydi “Marmarobod” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori O‘tkir Bo‘ronov. – Bu nafaqat ichki, balki tashqi bozorga chiqish imkoniyatini yaratmoqda. Korxonamizda tayyorlangan mahsulotlar yurtimizdagi katta-katta qurilish ob’ektlarida foydalanilmoqda. Xususan, poytaxtimizdagi "Yangi O‘zbekiston" bog‘i, Samarqanddagi “Turizm markazi” qurilishiga o‘z mahsulotlarimizni yetkazib berdik. Qozog‘iston, Tojikiston va Ozarbayjon kabi davlatlarga doimiy eksportni yo‘lga qo‘yganmiz.

“Marmarobod” klasteri tarkibida g‘ozg‘onlik mahalliy tadbirkorlar uchun o‘nta ishlab chiqarish binosi qurilgan. Ularni bunyod etish, zamonaviy dastgohlar bilan jihozlash uchun ishbilarmonlarga imtiyozli kreditlar taqdim etildi.

– Oldinlari eski uskunalarda, ularni qayta-qayta ta’mirlab ish olib borar edik, – deydi mahalliy tadbirkor Hamid Narziyev. – Prezidentimizning bu tashabbusidan biz, tadbirkorlar ilhomlandik. Yangi loyihada qurilgan zavodlardan birini oldik. Turkiya, Italiya kabi davlatlardan zamonaviy texnologiyalar olib kelib o‘rnatdik. Besh milliard so‘m kredit olgan edik, bir yilda bu summani yopdik. Bizga bu imkoniyatlar yaratib berilganidan mamnunmiz.

Loyihaning G‘ozg‘onda – xomashyo bazasi mo‘l, qulay biznes muhiti yaratilgan hududda amalga oshirilishi xorijiy investorlarni jalb qilmoqda. Klaster atrofida ular tomonidan yangi ob’ektlar qurish, boshqa loyihalarni ishga tushirishga qiziqish ortmoqda.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri