
Har yili aprel oyining birinchi yakshanbasida geologlar o‘zlarining an’anaviy kasb bayramini nishonlashadi. Sana munosabati bilan Zafarobod qo‘rg‘onida “Navoiyuran” davlat korxonasida ishlayotgan soha fidoyilari, faxriylar, geologiya sohasi xodimlari ishtirokida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Geologiya sohasi mamlakatning mineral xomashyo bazasini rivojlantirish, yer qa’rini o‘rganish va razvedka qilish, foydali qazilma konlarini ochishda alohida ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biri sanaladi.


Zafarobod qo‘rg‘onidagi “Yoshlik” madaniyat va sport markazida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda ham soha xodimlarining mashaqqatli va sharafli mehnatlari e’tirof etildi. Tadbir avvalida korxona bosh direktori Jahongir Hasanov tizimda mehnat faoliyatini olib borayotgan geologlar, geotexnologlar, marksheyderlar va geofiziklarni tabriklab, yurtimizda geologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi va bir guruh soha xodimlariga “Faxriy yorliq”, “Tashakkurnoma” va estalik sovg‘alarini topshirdi.
Dostonbek Bo‘riboyev ushbu sohada 12 yildan buyon faoliyat olib boradi. O‘tgan yillar davomida davlatimizning mineral xomashyo bazasini boyitishga o‘zining 4 ta loyihasi va 3 ta geologiya hisoboti bilan munosib hissasini qo‘shdi.


– Bizning geologiya qidiruv ekspeditsiyamiz “Ziyovuddin-Zirabuloq” maydoni bo‘yicha uranga dastlabki qidirish va razvedka ishlarini asosan 5 ta loyiha asosida olib bormoqda, – deydi “Navoiyuran” DK “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy ishlab chiqarish markazi “Zirabuloq” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi geologiya xizmati boshlig‘i D. Bo‘riboyev. – Hozirgi kunda jamoamiz bilan birgalikda oldimizga qo‘yilgan barcha vazifa va majburiyatlarni a’lo darajada sifatli bajarishga harakat qilyapmiz. Kelajakda uran sanoatini yanada rivojlantirib, davlatimiz zaxirasini boyitish, yangi konlarni izlab topish va ularni o‘zlashtirishga yanada ko‘proq hissa qo‘shishni maqsad qilganmiz.
Sanjar Kenjayev esa 2015 yili O‘zbekiston Milliy universitetining geologiya fakultetini tamomlab, “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy ishlab chiqarish markazida 8 yildan buyon mehnat faoliyatini olib bormoqda.


– Hozirda ilmiy ishlab chiqarish markazining 1-toifali geologi bo‘lib ishlayapman, – deydi S.Kenjayev. – Qishloqda voyaga yetganman. Bolaligimdan qishlog‘imizga geologlar ko‘p borardi. Ularning tabiat qo‘ynida olib borgan ishlari menga juda qiziq tuyulgan va shundan menda ushbu kasbga qiziqish uyg‘ongan. Bugun shu maqsadimga yetib, o‘zim sevgan kasbda ishlayapman. bugungi kasb bayramimizda ozmi-ko‘pmi mehnatlarim e’tirof etilib, taqdirlashdi. Kelajakda, albatta, yangi loyihalar, yangi konlar ustida ish olib borish niyatidamiz.
Asosan cho‘llarda, murakkab geologik va iqlim sharoitlarida mehnat qiladigan soha xodimlarining beminnat dastyori shubhasiz avtomashinalar hisoblanadi. Kasb bayrami munosabati bilan “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy ishlab chiqarish markazi va uning “Nurota”, “Bukantog‘” va “Zirabuloq” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi mehnat jamoalariga 4 ta ISUZU D-MAX rusumli yo‘l tanlamas xizmat avtomashinasi topshirildi.


– Men geolog ekanligimdan, mana shu sohada ishlayotganimdan faxrlanaman. Bayram munosabati bilan bizning mehnatlarimiz e’tirof etilib, rahbariyat tomonidan xizmat avtomashinasi topshirildi, – deydi “Bukantog‘” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi boshlig‘i Ortiq Sharipov. – Hozirda “Bukantog‘” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi tomonidan “Mingliboy”, “Qizilqoq” uchastkalarida uranni qidirish ishlari olib borilyapti.
Tantanali tadbirda madaniyat uyi badiiy jamoalari hamda xonandalari tomonidan diltortar kuy-qo‘shiq va raqslar ijro etildi.


A.Bo‘riyev, O‘zA