English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gender tenglik: endi hech bir ayolning muammosi eʼtiborsiz qolmaydi
13:54 / 2022-09-29

O‘zbekistonda gender tenglikda bo‘yicha tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Xotin-qizlar va erkaklarning huquq va imkoniyatlari tengligi Konstitutsiyaning 46-moddasida aniq qilib belgilanishidan maqsad, uning amaliy ahamiyati va zarurati haqida taniqli ekspert, siyosiy fanlar nomzodi, Feruza USAROVA quyidagicha fikr yuritdi.

— Gender tenglik mavzusi ko‘p yillar davomida muhokamalar, tortishuvlar, munozaralarga sabab bo‘lib kelgan. Afsuski, o‘tgan o‘n-yigirma yillar davomida gender tenglik masalasi, ayollarning muammolari, orzu-umidlari, jamiyatdagi roli va o‘rni faqat tilda hamda hisobotlarda yozilib kelinardi. Bu odatiy holatga ham aylanib ulgurgandi, desak ham bo‘ladi. Ayollarimiz, ayniqsa, qishloqdagi xotin-qizlarimizni asosan paxta dalalarida — mehnatda ko‘rish mumkin edi. Xotin-qizlarimizga faqat uy yumushlari, ro‘zg‘or yurituvchi, farzand tarbiyalovchi sifatida qaralib, ayollarga munosabat shu bilan cheklanib qolinardi. Boshqaruvda yoki rahbarlikka ayollarni tayinlash o‘ta murakkab masala edi. 

Nihoyat mazkur sohada muhim va dolzarb qadam qo‘yilmoqda. Aniqrog‘i, xotin-qizlar va erkaklarning huquq va imkoniyatlari tengligi Konstitutsiyaning 46-moddasida aniq qilib belgilanmoqda.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yil iyun oyida Oliy Majlis Senatidagi nutqida shunday degan edi: “...bugun har bir ayol oddiy kuzatuvchi emas, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisi ham bo‘lishi kerak». Ya’ni so‘z nafaqat ayollarni ijtimoiy himoya qilish, balki xotin-qizlarning alohida maqomi va ularga nisbatan hurmatini tiklash haqida bormoqda.

Mana 5-6 yildirki, ayollarimiz jamiyatning barcha sohalarida faol ishtirok etib, davlat rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotganining guvohi bo‘lib turibmiz. 

Bugun O‘zbekistonda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohaga oid 25 ta qonunchilik hujjati qabul qilindi. Jumladan, o‘tgan yilda 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlandi. Bundan tashqari, Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya, Oliy Majlisi Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil etildi. 

O‘zbekiston tarixida ilk marotaba parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetib, qariyb 32 foizga yetdi va dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o‘ringa ko‘tarildi. 

Boshqaruvda ham ayollarimiz sezilarli darajada ko‘paydi. Masalan, boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga, partiyalarda 44 foizga, oliy ta’limda 40 foizga, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi. 

Alohida e’tibor berish kerakki, xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida «Ayollar daftari» tizimi ham o‘zini to‘liq oqladi hamda ko‘pgina ayollarning hayotida tub burilish yasadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Hatto, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi ayollar uchun go‘zallik salonlari konteynerlari yetkazib berilmoqda.  

Ma’lumotga ko‘ra, har bir konteynerda 7 nafardan ayol ishlaydi va bu orqali «Ayollar daftari»dagi fuqarolarning 350 nafari ish bilan ta’minlanadi. Shuning uchun ham «Ayollar daftari»ga davlat byudjetidan har yili 300 mlrd. so‘m mablag‘ ajratib borish yo‘lga qo‘yildi. 

Xulosa qilib aytish kerakki, mazkur o‘zgartish xalqaro me’yor va standartlarga to‘liq mos keladi hamda O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirishga, bardavom bo‘lishiga xizmat qiladi.  

Kiritilayotgan 46-modda xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq, imkoniyatlarni ta’minlaydi va mustahkamlaydi. Endi hech bir ayolning muammosi chetda va e’tiborsiz qolmaydi. 
 
 

O‘zA