
Buxoro viloyatida aholiga suyultirilgan gaz ballonlarni o‘z vaqtida uzluksiz yetkazib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, uzoq qishloq va ovullarning gaz ta’minoti doimiy nazoratda.

Peshku tumanidagi Jongeldi mahallasidagi “Safron”, “Qal’a Ota”, “Jongeldi” qishloq ovullari bir biridan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan. Ovulda bitta maktab va 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti bor. Hudud Buxoro shahar markazidan 250 kilometr uzoqlikda joylashgan. Aholi maishiy ehtiyojlari uchun gaz ballonlardan foydalanadi. Ularga “Peshkutumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan maishiy gaz ballonlari yetkazib beriladi.

– Mahalla aholisi gaz ta’minoti xodimlaridan minnatdor, –deydi mahalla faoli Oyjamol Julmirzayeva. – 30 kun deganda gaz ballonlari maxsus avtotransport vositasi orqali yetkaziladi. Olis hudud bo‘lishiga qaramay to‘lovlarni onlayn amalga oshiramiz. Muammolar bo‘lgani yo‘q.
Ovul iste’molchilariga umumiy hisobda 3 ming 940 kilo suyultirilgan gazga to‘ldirilgan 197 dona maishiy gaz ballonlari yetkazib beriladi. Gaz ballonlarini tarqatish davomida xodimlar tomonidan turli baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun xavfsizlik qoidalariga rioya etish lozimligi tushuntiriladi.
“Qal’a ota” qishlog‘idagi maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlari ham soha xodimlari faoliyatidan mamnun.

–Nafaqat aholi xonadonlari, balki ijtimoiy soha ob’ektlarida ham maishiy gaz ballonlari yetkazib beriladi, – deydi maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Feruza Bafoyeva. –Xususan, mahalladagi mavjud 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti maishiy gaz ballonidan foydalanadi. Tarbiyalanuvchilarga issiq taom pishirishda gaz ballonlaridan foydalanamiz. 30 kun o‘tdimi, darrov gaz ballonimizni keltirib berishadi, o‘rnatib, xavfsizligimizga e’tibor berib, tushuntirib ketishadi.

Bir so‘z bilan aytganda bugun ovullarda otashin hayot qaynamoqda. Yuqoridagi sa’y-harakat esa aholi turmush darajasini ko‘tarish, muammolarni joyida hal qilish, ertamiz egalarining sog‘lom va talab darajasida bilim olishlari, o‘sib ulg‘ayishlari uchun zarur vositadir. Gaz ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat ham olis hudud iste’molchilarining yashash sharoitini yanada farovon bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA