
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i Elyor Ahmadaliyev ishtirokida brifing tashkil etildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 1 mart kunidan 1 aprel kuniga qadar respublikamizda “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi oyligi” tashkil etilmoqda.
Ushbu oylikdan ko‘zlangan maqsad bahor mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar, xususan sel, toshqin va ko‘chki hodisalari, ovqatdan zaharlanish va Qrim-Kongo kasalligi bilan bog‘liq mavsumiy favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha 800 dan ziyod iqtisodiy va 10 mingdan ortiq ijtimoiy ob’ektlar, shuningdek sel, toshqin va ko‘chkiga xavfli 35 ta ob’ekt o‘rganib chiqilgan. 40 dan ortiq kamchiliklar bartaraf etilgan.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, “O‘zgidromet” xizmati, Xavfli jarayonlarni kuzatish davlat xizmati tomonidan sel, toshqin va ko‘chkiga xavfli hududlarda 579 ta xo‘jaliklardagi holat ko‘zdan kechirilgan.
Hududiy Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalari bilan birgalikda insonlarning sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanishining oldini olish bo‘yicha jami 4 ming 700 dan ziyod bozorlar, savdo majmulari va boshqa ob’ektlarda o‘rganishlar olib borilgan va 3 ming kg.dan ortiq sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari iste’moldan chiqarilgan.
Qrim-Kongo kasalligining oldini olishga qaratilgan tadbirlarda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalari, veterinariya xizmati bilan birgalikda 5 ming 520 ta ob’ekt o‘rganilib, 473 ming 14 metr kv. maydon kimyoviy ishlov berish orqali zararsizlantirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA