English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolik va iqtisodiy sudlarda davlat boji undirishning huquqiy asoslari
06:54 / 2023-09-12

Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan fuqarolik va iqtisodiy sudlarda davlat boji undirishning huquqiy asoslariga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda fuqarolik va iqtisodiy sudlar sudyalari, huquqshunos olimlar, advokatlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Tadbirda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashda professional sudyalar korpusini shakllantirish muhim o‘rin tutishi qayd etildi. Bu fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga ham xizmat qiladi.

Odil sudlovni amalga oshirishda muayyan moliyaviy xarajatlar bo‘ladi, albatta. Himoyalanishi lozim bo‘lgan huquqning xususiyatidan kelib chiqib, ushbu xarajatlar sudda ishtirok etuvchi shaxslar zimmasiga qisman yuklanadi.  

Sud xarajatlarini taqsimlash to‘g‘risidagi masala to‘g‘ridan-to‘g‘ri da’vo arizasida qo‘yilishi yoki ish mazmunan ko‘rib chiqilganidan keyin hal etilishi mumkin.  Bu esa har bir holatda sud xarajatlarini taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qilishni taqozo etadi.  

Sud xarajatlarini to‘g‘ri taqsimlash, pirovardida, fuqarolarning huquq va erkinliklarini boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini buzmagan holda amalga oshirishni, mulkiy huquqlarini himoya qilishni ta’minlaydi.  

Tadbirda  amaliyotda uchrayotgan ayrim masalalar, xususan,  davlat boji miqdorini hisoblash,  undirish yoki kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash, buning huquqiy asoslari va tartiblari xususida so‘z yuritildi.  

Shuningdek, boj  undirish masalasida aholiga keng tushuntirishlar berish, bu boradagi qonunchilik targ‘ibotiga ehtiyoj katta ekani qayd etildi.  

Mutasaddilar tomonidan  ishtirokchilarning shu yo‘nalishdagi qator savollariga atroflicha javob berildi.

Tadbir doirasida Sudyalar oliy kengashi tomonidan  fuqarolik va iqtisodiy sudlarda davlat boji undirishga oid tartiblar va huquqiy asoslarga oid huquqiy qo‘llanma taqdimoti ham o‘tkazildi.  

Mazkur qo‘llanma  fuqarolik va iqtisodiy sudlarda davlat bojlarining to‘g‘ri undirilishini ta’minlash maqsadida sudyalikka nomzodlar, sudyalar, shuningdek, sudga murojaat qiluvchi shaxslar uchun mo‘ljallangan.

N.Abduraimova, O‘zA