English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fransiya bilan hamkorlik kengaytiriladi
11:46 / 2022-11-21

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev Fransiya savdo vazirligi rahbariyati va yirik fransuz kompaniyalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish choralari muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Fransiya Respublikasi savdo bo‘yicha vazir-delegat Oliver Besht bilan uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikning hozirgi holati, shuningdek, energetika, suv va issiqlik ta’minoti, geologiya sohalaridagi yirik loyihalar yuzasidan fikr almashildi. Metall, shisha, kimyoviy va to‘qimachilik mahsulotlari, oziq-ovqat va boshqa tovarlarni, jumladan, GSP+ tizimi imtiyozidan foydalangan holda yetkazib berish orqali o‘zaro savdo nomenklaturasini kengaytirishga kelishib olindi.

Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) Bosh direktori Remi Riu bilan suhbat chog‘ida sheriklikning yuqori darajasi qayd etildi. FTAning “PROPARCO” va “Expertise France” bo‘linmalari bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, 2023-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

“EDF” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuvda Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida joriy loyihalar amalga oshirilishi jarayoni muhokama qilindi. Kompaniya vakillari Toshkent va Navoiy viloyatlarida muqobil energiya manbalarini rivojlantirish sohasida jami quvvati 1250 MVt bo‘lgan yangi loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirishdi.

"SUEZ" direktorlar Kengashi raisi Sabrina Sussan bilan uchrashuvda Toshkent shahri va Surxondaryo viloyati suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish loyihalarining tashkiliy jihatiga to‘xtalib o‘tildi. Fransiya tajribasini O‘zbekistonning boshqa hududlari suv ta’minoti tizimini rivojlantirishga kengaytirish istiqboli ko‘rib chiqildi. Hamkorlikni kompaniyaning shaharlarda issiqlik tarmog‘ini modernizatsiya qilish va qattiq chiqindini boshqarishda ishtirok etishini nazarda tutgan holda kengaytirish bo‘yicha ishni davom ettirishga kelishib olindi.

Shuningdek, "EIFFAGE" kompaniyasi rahbariyati bilan ham uchrashuvda Yakkabog‘ - Qarshi yo‘nalishi bo‘yicha magistral suv quvuri o‘tkazish loyihasi muhokama qilindi. Quvur uzunligi 82 km, suv saqlash uchun 4 ta havza mavjud. Tomonlar loyihani jadal amalga oshirish choralarini ko‘rishga kelishib oldilar.

O‘zA