English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Finlyandiya o‘rta ta’lim maktablari: o‘qitishda majburiy talablar yo‘q
14:58 / 2023-03-13

So‘nggi paytlarda Finlyandiya ta’lim tizimi dunyodagi eng yaxshi tizim ekanligi va bunday maqomga erishishda yordam beradigan jihatlar haqidagi fikrlar matbuotda keng muhokama qilinmoqda.

Bizning milliy ta’lim tizimimiz ham bundan mustasno emas. Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi huzuridagi A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti Umumiy o‘rta ta’lim mazmuni va metodikalari ilmiy-tadqiqot bo‘limi katta ilmiy xodimi Alisher Mamataliyev Finlyandiyadagi o‘rta ta’lim maktablarida o‘qitishni matematika fani misolida tahlil qildi va bu haqda quyidagilarni gapirib berdi.  

– Finlyandiya maktablarida ta’lim tizimi yuqori darajada rivojlangan va katta yutuqlarga erishgan, – deydi Alisher Mamataliyev. – Sir emaski, bugungi kunda Finlyandiya maktablarida matematika o‘qitish metodikasi eng yuqori darajada. Birgina misol, Finlyandiyada fandan yuqori va past o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar bir-biriga yordamchi yoki o‘quvchi bir-biriga ustoz metodi, yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak, juft yoki toq metodida o‘qitish ommalashgan.  

Juft metodida yuqori va past o‘zlashtiruvchi ikki o‘quvchiga dars o‘tiladi va oson atamalar bilan yuqori o‘zlashtirgan o‘quvchi past o‘zlashtirgan o‘quvchiga tushuntiradi. Toq usulda esa past o‘zlashtiruvchi o‘quvchi va fan o‘qituvchisi, undan keyin maktabning to‘garak o‘tuvchi o‘qituvchisi shug‘ullanadi. Oxirgi bosqichda esa past o‘zlashtiruvchi o‘quvchining ota-onasi shug‘ullanib, sinfdagi boshqa tez o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarga yetib olishlariga yordam beradi.  

Bu ikki metod juda samarali natija beradi. O‘qituvchilar tomonidan bu metod a’lo darajada o‘zlashtirilgan va amaliyotga tatbiq etib kelinmoqda. Bizning asosiy maqsadimiz, bu — ulkan tajribani ta’lim tizimimizga joriy etib, matematika fanini o‘qitishda Finlyandiya metodini joriy etish, yoshlarni bu fanga qiziqishini oshirishdir.  

Finlyandiya so‘nggi 30 yil ichida ta’lim tizimida katta islohotlar olib bordi va yutuqlarga erishdi. Bu davlatning maktablarida yana bir metod, bu — deyarli raqobat yo‘qligi. Ya’ni o‘quvchilarga baholashda baho tizimi mavjud emas. O‘quvchilarning “ikki” yoki “uch" baho oldi kabi tushunchalar yo‘q va ular bir-biridan ajratilmaydi. Finlyandiyada maktab bitiruvchi davrgacha kredit ball tizimi bo‘lib, har bir o‘quvchi, masalan, matematika fanidan maktab bitirguniga qadar 300 kredit ball to‘plagan bo‘lishi majburiy.  

Bundan tashqari, ularda forma yoki qanday kiyim kiyish talabi ham yo‘q. O‘quvchilar bir-biri bilan taqqoslanmaydi. Agar o‘quvchi o‘zlashtira olmasa, u bilan fan o‘qituvchisi ko‘proq ishlaydi.  

So‘nggi yillarda Finlyandiya Xalqaro PISA reytingida matematika fanidan 5-o‘rinni egallab kelmoqda. Finlyandiya maktablarida dars soatlar kam bo‘lishiga qaramasdan o‘zlashtirish yuqori darajada. Bolalar 7 yoshdan qabul qilinadi.  

Ularning fikricha, bu eng to‘g‘ri qaror. Finlyandiya maktablarida ta’lim quyi va yuqori bosqichlarda olib boriladi. Quyi bosqich (boshlang‘ich ta’lim 7-12 yoshlar) 1-sinfdan boshlab 6-sinfgacha bo‘lgan sinflarni hamda yuqori bosqich — yuqori sinf o‘quvchilari 7-9-sinf (13-16 yoshlar) o‘quvchilarini o‘z ichiga oladi. Boshlang‘ich sinflarida umumiy matematika fanining uchdan ikki qismi o‘qitiladi. Asosiy darsni boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi amalga oshiradi. Dars berish jarayonida Finlyandiya boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari o‘zlarining tajribalaridan va shaxsiy metodlaridan kelib chiqib asosiy darsni beradi. Finlyandiya o‘qituvchilarining asosiy maqsadi o‘quvchini qiziqtirish va natijaga erishish hisoblanadi.  

Finlyandiyada o‘quv materiallari matematik ta’limga qiziqadigan va hozirda maktablarda ishlaydigan oddiy o‘qituvchilar tomonidan tayyorlanadi. Shuning uchun ular maktablardagi sharoitlarni juda yaxshi biladi. Hozirda ikki xil turdagi parallel darsliklardan foydalaniladi. Bu darsliklar bir-biridan biroz farq qilsa ham, barcha o‘quv qo‘llanmalari o‘xshash. Darsliklarda muammolar va statistik ma’lumotlarni yechish uchun turli materiallar, guruh ishlari va loyihalar uchun g‘oyalar mavjud. Ular shuningdek, asosiy mashqlar to‘plamini, barcha talabalar uchun qiyinroq topshiriqlarni taqdim etadi.  

Bundan tashqari, matematikaga qiziqqan o‘quvchilar uchun qiyin topshiriqlar to‘plami mavjud. O‘qituvchilar o‘z o‘quvchilari uchun darsliklar va boshqa materiallarni tanlash bilan bir qatorda o‘qitish metodikasi uchun mas’uldir.  

Shunisi e’tiborga loyiqki, o‘quv materiallarining sifati bevosita o‘qitish sifatiga teng kelmaydi, chunki o‘qituvchi barcha turdagi materiallardan tegishli yoki boshqa usulda foydalanishi mumkin. Agar xohlasa, ular darsliksiz o‘qitishni tanlashi mumkin, ammo bu usul kamdan-kam qo‘llaniladi.  

Xulosa qilib aytganda, Finlyandiya o‘qituvchilari maktab matematikasi ta’limini saqlash va yaxshilashda muhim rol o‘ynaydi. O‘qituvchi butun tayyorgarlikni sinfdan tashqarida amalga oshiradi, qiziqarli o‘yinlar izlab topadi va yangicha metodlarni kashf qiladi. Bu fin o‘qituvchilari muvaffaqiyatida muhim rol o‘ynamoqda.  

Barno Meliqulova yozib oldi, O‘zA