English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farmon va sharh: korrupsiya holatlari ustidan jamoatchilik nazorati yanada oshadi
15:38 / 2023-12-06

U ishga kira olmayotganiga siqiladi. Yana boshqasi bank imtiyozli kredit bermayotganidan tajang. Kimdir tadbirkorligi uchun yer ajratilmayotganiga hokimiyatdan norozi. Talaba esa o‘qituvchisi baho qo‘ymayotgani uchun xafa.

Tanishlar jam bo‘lgan dasturxon atrofidagi suhbatlarning shunisi qiziq – bir mavzu ko‘tarildimi, hamma shu “ohang”ga mos holatlarni topib gapiraveradi. Shu damda davraning sal yoshi kattarog‘i barchaga “mos” keladigan, masalalarga bitta yechim keltiradi.

– Yegan og‘iz uyaladi, – deydi davraboshi piyoladagi choydan bir ho‘plab. – Soqqasini ber, ishni tez bitir! Nima, olmaydi deganing nimasi? Olmaydiganlar yo‘q, senga o‘xshagan berolmaydiganlar bor.

Davrada yengil kulgi ko‘tariladi...

Bu kabi suhbatlar quloqqa chalinar ekan kishida beixtiyor savol tug‘iladi. Jamiyatda poraxo‘rlik va tamagirlik shu qadar “beparda” mavzuga aylandimi? Aslida qars ikki qo‘ldan chiqadi. Odamlar kimgadir pora berishga, shunchaki, ishtiyoqmand emas. Ba’zi mansab va vakolatga egalar borki, tekinga oftobga chiqmaydi. Yoniga kelganni pora berishga majbur qiladi.

Korrupsion holatlar barcha davrlarda, turli darajada mavjud bo‘lgan. Unga qarshi zamoniga mos tarzda kurashilgan. Bugun esa bu illatga hamjihatlikda g‘ov bo‘lish, jamoatchilikning birlashishi eng samarali yechim sanaladi.

Prezidentimizning 2023 yil 27 noyabrda “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni e’lon qilindi. Ushbu hujjat mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan ishlarning natijadorligini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, muhim ijtimoiy masalalarga oid ochiq ma’lumotlar ko‘lamini yanada kengaytirish, ulardan to‘siqlarsiz foydalanishni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

– Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi, – deydi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov. – Ahamiyatlisi, bu ishlar bosqichma bosqich, tizimli tarzda amalga oshirilyapti. Xususan, 2017 yildan buyon shunday tizim yaratildi. Bu borada har ikki yilda qabul qilinadigan davlat dasturini amalga oshirish belgilab berildi. Shu kungacha ana shunday dasturlarning uchtasi qabul qilingan. Yangi farmon bilan muhim dasturning navbatdagisi tasdiqlandi. Bu hujjatning qabul qilinishida aholini qiynab kelayotgan turli xil qog‘ozbozliklar, talon-torojlik, ba’zi davlat idoralaridagi ochiqlikning ta’minlanmaganligi kabi kamchiliklarni hal qilishga e’tibor qaratilgan.

Farmonga binoan korrupsion jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Unga ko‘ra har chorakda, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlari kesimida sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qiladi. Ushbu jinoyatlar ko‘rsatkichi oshgan davlat organlari va tashkilotlariga kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar belgilash uchun agentlik xodimlari ishtirokida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritib boriladi. Har yarim yilda jinoyatlarning oldini olish hamda ularga imkon bergan omillarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishlarida tegishli davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilib boriladi.

– Farmon bilan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan dastur tasdiqlandi, – deydi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi Nodira Samandarova, – Unda to‘qqizta yo‘nalish bo‘yicha o‘ttiz banddan iborat vazifalar belgilab berilgan. Unga ko‘ra, endilikda ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirilmoqda. Bular hududlar kesimida “Haj” tadbiriga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning yagona onlayn navbati to‘g‘risidagi ma’lumotlar, bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish uchun berilgan arizalar navbati to‘g‘risidagi ma’lumotlardir. Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillarini belgilovchi xarid komissiyasining ichki idoraviy tartibi ham shu toifaga kiradi.

Markaziy, hududiy va tizim tashkilotlarida bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va taqdim qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtiriladi.

Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarga taqdim etilgan grant va ijtimoiy buyurtma loyihalari haqidagi ma’lumotlar, shu jumladan, g‘olib bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ularning buyurtma doirasida bajargan ishlari yuzasidan hisobotlari haqidagi ma’lumotlar e’lon qilinadi. Bu nimani anglatadi? Bunday ma’lumotlarning ochiq e’lon qilinishi ushbu jarayonlarda ishtirok etuvchi tadbirkorlik sub’ektlarining jarayon bilan erkin tanishish imkonini yaratib beradi.

Endilikda falsafa doktori va fan doktori ilmiy darajasini olish uchun ilmiy kengash tomonidan o‘tkaziladigan dissertatsiya himoyasi, o‘rta-maxsus va professional ta’lim muassasalarining test sinovlari hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari, oliy ta’lim muassasalari bazasidagi harbiy ta’lim fakultetlariga qabul qilishdagi saralash tanlovlarining bir qator bosqichlari internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatish tartibini joriy etiladi.

Sir emas, ko‘p hollarda ba’zi davlat idoralari tomonidan taqdim qilingan ishonch telefon raqamlari ish holatida bo‘lmaydi. Qo‘ng‘iroq qilinganida hech kim javob bermaydi. Endi bu kabi holatlar ham nazoratga olinadi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga davlat organlari va tashkilotlarining qayta aloqa tizimi samaradorligi darajasini baholash maqsadida “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirlarini tashkil etish vazifasi yuklatildi. Bunda davlat organlari va tashkilotlaridagi ishonch telefonlarining hamda ularning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilingan telefon raqamlarining doimiy ravishda ishchi holatdaligi tekshirib turiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurash tizimining yangi bosqichga ko‘tarilayotgani quvonarli. Uning samarasi sohaga mas’ul idoralar va jamoatchilik faolligining uyg‘unlashganida ham ko‘rinadi.

Ikrom AVVALBOEV, 

O‘zA muxbiri