Farg‘onada Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan tantanali viloyat bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda shahar va tumanlardan tibbiyot xodimlari, sog‘liqni saqlash sohasi rahbarlari, faxriylar ishtirok etdilar.
Mamlakatimizda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini mustahkam qaror toptirish, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, har bir fuqaroning sog‘lig‘ini asrab-avaylash, ularni malakali tibbiy xizmat bilan to‘liq qamrab olishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bunday ishlarda sog‘liqni saqlash sohasi xodimlarining mehnati beqiyos. Bayram tadbirida bu e’tirof etildi.
Inson salomatligini asrashdek ezgu va savobli ishga o‘zini bag‘ishlagan viloyat tibbiyot xodimlarini bayram bilan qutlash uchun so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tibbiyot sohasi va shifokorlarning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati naqadar muhim ekanligiga alohida e’tibor qaratdi. Viloyatda so‘nggi yillarda bu sohaning jadal rivojlanib borayotgani, erishilayotgan natijalar va yangi marralar haqida to‘xtalib, joriy yilda ilk bor buyrak ko‘chirib o‘tkazish, aorta-koronar shuntlash, yurak klapanlarini protezlash orqali yurak nuqsonini bartaraf etish hamda endoprotezlash kabi 30 dan ortiq yuqori texnologik operatsiya turlari amaliyotga tadbiq etilganini mamnuniyat bilan tilga oldi.
[gallery-9541]
Joriy yilda viloyatda sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish maqsadida Respublika byudjeti hisobidan jami 179,8 milliard so‘m, mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan 78,1 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Hududlarda tibbiy xizmat sifatini yaxshilashga katta e’tibor qaratilmoqda.
Tadbirda viloyat ijtimoiy hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan, o‘zining samarali mehnati bilan viloyatda aholi salomatligini muhofaza qilishga, sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng joriy etishga va tibbiy madaniyatni oshirishga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan tibbiyot sohasi xodimlarining katta guruhi viloyat hokimining Faxriy yorlig‘i, tashakkurnomasi va sovg‘alari bilan taqdirlandilar. O‘z hayotini insonning sog‘lig‘i va hayoti to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishga bag‘ishlagan tibbiyot xodimlaridan yana bir guruhiga “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tashakkurnomalari taqdim etildi.
Bayram tadbiri bir piyola choy ustida taniqli san’atkorlar, raqs ansambllari ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov (surat), O‘zA