
Farg‘ona shahri Qirguli mavzesida “Do‘stlik uyi” ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatdagi nemis, slavyan, yahudiy, tatar, qirg‘iz, koreys, tojik, turk milliy madaniyat markazlari hamda viloyat jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.
Millatlararo do‘stlik, totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash davlatimiz siyosatining asosiy tamoyillaridan biridir. Tadbirda Prezidentimiz tashabbusi bilan milliy madaniyat markazlariga, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor ko‘rsatilayotgani, bugun foydalanishga topshirilgan Do‘stlik uyi ham ushbu yuksak e’tiborning namunasi ekani qayd etildi.
Viloyat mahalliy byudjeti hisobidan 3,5 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanib rekonstruksiya qilingan, ko‘rkam va zamonaviy qiyofaga ega bo‘lgan sobiq “Neftchi” madaniyat saroyi binosi endilikda turli millat va elat vakillari uchun haqiqiy do‘stlik maskaniga aylandi. Bu yerda viloyatdagi 8 ta milliy madaniyat markazlariga alohida xonalar ajratildi, to‘garaklar o‘tish va turli tadbirlar tashkil etish uchun konsert zali zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. 4 millionga yaqin aholi istiqomat qilayotgan Farg‘onada turli millat va elatlar “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” degan ezgu shior bilan do‘stlik va totuvlikda hayot kechirayotgani, barcha birdek yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgani e’tirof etildi.
[gallery-9627]
Farg‘ona viloyatida 228 ming nafardan ziyod tojiklar, 77 ming nafardan ortiq qirg‘izlar, 41 ming nafar ruslar, 5,6 ming nafar koreyslar, 4,8 ming nafar ukrainlar, 2 ming nafar tatarlar va 42 ming nafar yahudiy, turk, nemis kabi boshqa millatlar vakillari tinch-totuv istiqomat qilmoqda. Shuningdek, 8 ta – ya’ni rus, tojik, tatar, nemis, qirg‘iz, yahudiy, koreys va turk milliy madaniy markazlari, 202 ta islomiy va 15 ta noislomiy diniy tashkilotlar faoliyat olib bormoqda.
Yurtimizda o‘zini o‘zbekistonlikman deb hisoblagan har bir kishi uchun erkin yashash, mehnat qilish, ta’lim olish, milliy va diniy urf-odatlarini bajo keltirish imkoniyatlari to‘liq yaratib berilgan. Shu ma’noda tadbirda yagona Vatan tuyg‘usini asrab-avaylash, yosh avlodni mana shu ruhda kamol toptirish borasida samarali faoliyat olib borayotgan milliy madaniyat markazlarning rahbarlari Galina Akopdjanova, Semen Abduraxmonov, Viktor Lyan, Valentina Miller, Albina Karimova, Nortoji Xalibayeva, Tohir Kapadze, Ma’sudjon Mirzoyev va boshqa fidoyilarni nomlari hurmat bilan tilga olindi.
Mehmonlar binoda milliy madaniyat markazlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Turli millatlarning milliy an’ana va qadriyatlarini o‘zida namoyon etgan kuy-qo‘shiqlar va raqslardan iborat konsert dasturi tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi.
M.Sulaymonov, O‘zA
M.Qodirov olgan surat