English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada bolalarni dori preparatlaridan zaharlanish holati qat’iy nazoratga olingan
14:35 / 2023-01-01

O‘zbekistondagi dorixonalardan xarid qilingan “Dok-1 Maks” tabletka va sirop dori vositalarini qabul qilgandan so‘ng bemorlarda turli nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgani va 18 nafar bolaning o‘limi va o‘nlab bolalarning shifoxonaga yotqizilishi haqida xabarlar tarqalmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, dori vositasi tarkibidagi asosiy modda paratsetamol bo‘lgani uchun “Dok-1 Maks” siropi ota-onalar tomonidan mustaqil yoki dorixona sotuvchilarining tavsiyasi bilan shamollashga qarshi vosita sifatida noto‘g‘ri qo‘llanilgan. Bu esa bemorlarning ahvoli yanada yomonlashishiga sabab bo‘lgan.

Xo‘sh, Farg‘ona viloyatida bolalarni dori preparatlaridan zaharlanishining oldini olish bo‘yicha qanday ishlar olib borilmoqda?

Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullarining xabar berishicha, bugungi kunda bolalarni tabletka va sirop dori vositalaridan zaharlanishini oldini olish maqsadida viloyatdagi barcha davolash profilaktika muassasalariga «Dok-1 Maks» preparatlaridan saqlanish bo‘yicha topshiriqlar berilgan. Xususan, tarkibida paratsetamol dozasi bo‘lgan dori preparatlarini bolalar buyragiga toksik ta’sir qilishi hamda terapevtik dozani oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik, tana harorati 38 0 S dan yuqori bo‘lgan bolalarni tabiiy usullar bilan tana haroratini tushirish, ota-onalarga tarkibida paratsetamol saqlaydigan preparatlarni o‘zboshimchalik bilan ichirmaslik to‘g‘risida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, tarkibida paratsetamol saqlaydigan yoki boshqa dori preparatlarini zaharlanib murojaat qilgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar zudlik bilan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga xabar berish, yosh bolalari bo‘lgan oilalarga ko‘rsatilayotgan patronaj xizmati kuchaytirilishi yo‘lga qo‘yildi.

–Ayni paytda “Dok-1 Maks” tabletka va sirop dori vositalari viloyatimizdagi barcha dorixonalar savdosidan o‘rnatilgan tartibda qaytarib olingan, — deydi Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abduqayum To‘xtaqulov. — Qolaversa, bugungi kunda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialining bolalar reanimatsiya bo‘limida “Dok 1 Maks” siropini ichishi natijasida Quvasoy shahrida yashovchi 3 yoshli bemor bola doridan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanmoqda. Uning umumiy ahvoli og‘ir, hushida. Bemorga tasdiqlangan davolash standarti asosida davo muolajalari olib borilmoqda. Viloyatdagi vaziyatni shaxsan o‘zim nazoratga olganman. Yana bir bor aholimizdan isitma tushiradigan dori vositalarini faqat shifokor tavsiyasi va nazoratida qabul qilishni so‘rayman. Qolaversa, farzandlarimizga shifokorning aniq tavsiyasisiz, o‘zboshimchalik bilan dori preparatlarini bermaslikni iltimos qilib qolamiz.

M.Sulaymonov, O‘zA