English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada 11 ming 600 nafardan ortiq bola yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam oldi
11:49 / 2022-08-28

Bu yil anklav hudud So‘xda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan qariyb 5 gektar maydonda barpo etilgan «So‘x» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohining ochilishi so‘xliklar uchun chinakam tuhfa bo‘ldi. 200 o‘ringa mo‘ljallangan oromgohda yozgi mavsum davomida 700 nafardan ziyod bolajonlar dam oldi.

«So‘x» oromgohida o‘g‘il-qizlar miriqib hordiq chiqarishi bilan birga, jismonan chiniqib, salomatliklarini mustahkamlashi, bilimlarini oshirishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. Tantanali ravishda foydalanishga topshirilgan ushbu muhtasham va zamonaviy tipda bunyod etilgan inshoot – So‘x bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi ham Prezidentimiz tashabbusi va e’tibori natijasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shuningdek, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning tashabbusi bilan anklav hududda joylashgan Shohimardon qishlog‘idagi bolalar oromgohi yana o‘z faoliyatini boshladi. Qariyb chorak asrdan so‘ng oromgohda yana o‘g‘il-qizlarning shodon kulgisi yangradi. Atrofi purviqor tog‘ bilan o‘ralgan so‘lim oromgohda joriy mavsumda 3 navbatda Farg‘ona tumani, xususan, Shohimardon va Yordon qishlog‘ining 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolajonlari maroqli dam olishi uchun barcha sharoitlar muhayyo qilindi.

Farg‘onadagi oromgohlar viloyat yoshlaridan tashqari, Qoraqalpog‘iston va Qirg‘iziston Respublikalarining bir guruh yoshlarini ham o‘z bag‘riga oldi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan qoraqalpog‘istonlik 300 nafar o‘g‘il-qiz yozgi ta’tilni Qo‘qon shahridagi «Koinot» bolalar oromgohida o‘tkazishdi. So‘lim va bohavo go‘shada joylashgan maskanda Orolbo‘yidan kelgan bolalar maroqli dam oldi.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyati hokimining tashabbusi bilan qirg‘izistonlik o‘g‘il-qizlar Farg‘ona tumanining qir-adirlari qo‘ynida joylashgan «Tong» bolalar oromgohiga hordiq chiqarish uchun taklif etildi. Ular katta tantana bilan kutib olindi. So‘lim go‘sha ikki qardosh elning shodon kulgisi bilan fayzga to‘ldi.

Mas’ul idoralar va tashkilotlarning jonkuyarligi natijasida viloyatdagi 20 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida 11 ming 600 nafardan ortiq yoshlar mazmunli dam oldi.

Oromgohlarda Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida to‘garaklar muntazam ravishda faoliyat yuritdi. Ayniqsa, «Humo» oromgohida 1162 nafar, «Koinot» oromgohida 1296 nafar, «Kimyogar» oromgohida 1343 nafar, «Nihol» oromgohida 901 nafar va «Chimyon» oromgohida 709 nafar yoshlar yozni zavqli o‘tkazdilar.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, oromgohlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, «Ayollar daftari», «Temir daftar»lardagi oilalar hamda oilaviy bolalar uyining 1051 nafar farzandlari bepul yo‘llanmalar asosida dam oldi.

Mavsum davomida turli davra suhbatlari, qiziqarli uchrashuvlar, intellektual o‘yinlar, viktorinalar hamda sport musobaqalari o‘tkazildi. Bolalarning bilim va mahoratlarini oshirish uchun futbol, shaxmat, shashka, stol tennisi, voleybol, rasm, raqs, adabiyotshunoslar, rus va ingliz tillaridan to‘garaklar tashkil etildi. O‘quvchi yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan to‘garaklarda tengdoshlari bilan birga ishtirok etib, bilimlarini mustaheamladi.

Bundan tashqari, taniqli ijodkorlar bilan uchrashuvlar, diqqatga sazovor joylarga sayohatlarning tashkil etilishi yoshlarga olam-olam quvonch ulashdi.

Erkinjon NURALIEV,

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisi