
Farg‘ona viloyatida 95 ming 720 gektar maydonda boshoqli don ekilib, barcha agrotexnik talablar asosida parvarishlandi. Mo‘l hosil olishni ko‘zlagan fermer xo‘jaliklari g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumini boshladi.
Quvasoy shahri va barcha tumanlarda 340 o‘rim otryadlari tashkil etilib, ularga 340 dona yuqori unumli don o‘rish kombaynlari, 1 ming 825 dona don tashish texnikalari, 153 ko‘chma ustaxonalar va 173 dona yoqilg‘i tashish texnikalari biriktirildi. Shuningdek, barcha tumanlarda shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Viloyat bo‘yicha har bir gektardan o‘rtacha 80 sentnerdan, 765 ming tonna boshoqli don hosilini yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan.


Yozyovon tumanida g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Dastlab “Xonobod g‘alabasi” fermer xo‘jaligi dala maydonida pishib yetilgan boshoqli don hosili ko‘zdan kechirildi. G‘alla dala maydonida tumanlar sektorlari rahbarlari, otryadlar boshliqlari, qishloq xo‘jaligi tizimidagi tashkilotlar rahbar va mutaxassislari, nuroniylar ishtirokida mavsum oldidan hosilga baraka tilab, duolar qilindi.
“Farg‘ona don mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Yozyovon don qabul qilish shoxobchasida yetishtirilgan g‘alla hosilini uyushqoqlik bilan o‘rib-yig‘ib olishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali viloyat seminari ham tashkil etildi.


Bu yerda mavsumda foydalaniladigan texnikalar ishtirokchilar e’tiboriga havola qilindi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov joriy yilda mirishkor dehqonlarning fidokorona mehnatlari evaziga mo‘l g‘alla hosili yetishtirilgani, oldinda muhim va mas’uliyatli jarayon – hosilni uyushqoqlik bilan yig‘ishtirib olish vazifasi turganini qayd etdi. Mavsumga hududlarda puxta tayyorgarlik ko‘rildi. O‘rim-yig‘im ishtirokchilarining moddiy manfaatdorliklari alohida e’tiborga olinib, otryad boshliqlari, mexanizatorlar va haydovchilarga pul mablag‘lari berildi. Shuningdek, kombaynchilar, haydovchilar va o‘rim-yig‘imning boshqa ishtirokchilarining unumli va barakali ishlashlari uchun qulay sharoit yaratilmoqda.

Eng asosiysi, urug‘lik sifatiga muhim ahamiyat qaratiladi. Yana bir muhim jihat, g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlar ekishni tashkil etish chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqildi.
M.Sulaymonov, O‘zA