Uchko‘prik tumanidagi yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, logistika va savdo kompleksining ikkinchi bosqichi ishlari yakunlanmoqda.
Majmuaning mazkur bosqichi bo‘yicha qiymati 55,1 milliard so‘mlik loyiha asosida 2 qavatli 216 ta savdo do‘koni hamda 230 ta savdo shoxobchasi, xom ashyo ombori, tayyor mahsulot ombori barpo etilishi rejalashtirilgan bo‘lib hozirgi kunda qurilish ishlari nihoyasiga yetmoqda.
[gallery-10482]
Viloyat hokimi Xayrullo Blzorov olib borilgan ishlarni ko‘zdan kechirib, hududni yanada obodonlashtirish, tadbirkorlarga va foydalanuvchilarga qulayliklar yaratish yuzasidan bir qator ko‘rsatmalar berdi. Tadbirkorlar bilan muloqot davomida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni xorij bozorlariga, xususan, Yevropa bozorlariga olib kirish chora-tadbirlarini ko‘rish, hamkorlar qidirish, chet el tajribasini o‘rganish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Buning uchun ularga zarur bo‘lsa yaqindan amaliy ko‘mak ko‘rsatilishini ta’kidladi.
Mazkur majmuaning birinchi bosqichida 159,2 milliard so‘m hisobiga 358 ta ishlab chiqarish sexlari qurilgan edi.
***
Farg‘ona shahridagi 300 gektar maydonda 40 ming aholiga mo‘ljallangan ekoshahar qurilmoqda.
Ayni kunda 73 ta ko‘p qavatli uylar, 3 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 2 ta maktab, bitta shifoxona, 4000 o‘rinli amfiteatr qurilishi davom etmoqda. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mas’ullar va quruvchilar bilan suhbatlashib, har bir ob’ekt bo‘yicha qurilish ishlarining borishini birma bir joyida muhokama qildi.
Qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini ta’minlash, bunda zamonaviy texnologiyalardan va qurilish uslublaridan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi. Ba’zi qurilish tashkiloti rahbarlarining bank krediti olishga ko‘maklashish bilan bog‘liq murojaatlari ijobiy hal etildi.
Xayrullo Bozorov viloyat qurilish sohasi mutasaddilariga barpo etilayotgan ob’ektlarning mustahkamligi, xavfsizligi, sifati va foydalanishda ishonchliligini ta’minlash uchun qurilish nazoratini yanada kuchaytirish bo‘yicha alohida topshiriq berdi.
***
Farg‘ona shahar “Mash’al” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘p qavatli uyning yerto‘la qismida mikroorganik o‘simliklarni yetishtirish kooperatsiyasi tashkil etildi.
E’tiborlisi, 60 kvadrat metr joyda Tohirjon Abdusamatov tomonidan 15 ta yangi ish o‘rni yaratilgan va ishchilarga to‘langan oylik maoshlardan tashqari tadbirkor oyiga 500-600 dollar daromad olmoqda.
Tayyor mahsulotlar mahalliy kafe, restoran, supermarketlarga, shuningdek, Toshkent shahri, Buxoro va Samarqanddagi xaridorlarga yetkazib berilmoqda. Loyiha qiymati 250 million so‘m bo‘lib, shundan 150 million so‘m tadbirkorning o‘z mablag‘i, 100 million so‘mi esa imtiyozli kredit hisobiga to‘g‘ri keladi. Hozirda 30 turdagi mikroko‘katlar yetishtirilmoqda. Ularning 15 turdagi urug‘lari mahalliy, qolgani Yevropa davlatlaridan keltirilmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA
M.Qodirov olgan surat