English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘ona va Norin viloyatlari o‘rtasida hamkorlik faollashmoqda
15:28 / 2023-03-04

Qirg‘izictonning Norin viloyati gubernatori Altыnbek Ergeshov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Farg‘ona viloyatida bo‘lib, hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarida samarali kelishuvlarga erishdi.

bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar yuqori darajada rivojlanmoqda. Ayniqsa, chegaraoldi viloyatlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yilishi bunda muhim ahamiyatga ega. Xususan, Farg‘ona va Norin viloyatlari ko‘plab sohalarda do‘stona aloqalarni o‘rnatgan. Bu galgi tashrif ham samarali bo‘ldi.  

Dastlab mehmonlar Farg‘ona shahrida shaharsozlik me’morchiligi an’analari asosida barpo etilayotgan ekoshaharda – “Yangi O‘zbekiston” massividagi qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan tanishdilar.  

Ma’lumki, ayni kunlarda Farg‘ona shahrida 300 gektar maydonda ekoshahar bunyod etilmoqda. Ezgu maqsadga ko‘ra, yo‘ldosh shaharchada yaqin istiqbolda 300 ga yaqin ko‘p qavatli turar joylar, xizmat ko‘rsatish maskanlari, ta’lim, tibbiyot va madaniyat muassasalari quriladi hamda 70 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i tashkil etiladi. Shu yilning o‘zida Ekoshaharda 80 ta 7-12 qavatli 4 ming 362 xonadonli uy-joylar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.  

[gallery-10824]

Norin viloyati delegatsiyasi a’zolari dunyoning megapolis shaharlari tajribasi asosida bunyod etilayotgan ekoshahardagi zamonaviy qulayliklarni alohida e’tirof etdi. Har bir uyning tom qismida quyosh panellari o‘rnatilib, isitish tizimi, elektr energiyasi, issiqlik suv ta’minoti yangi mezonlar bo‘yicha tashkil etilayotgani tahsinga loyiq ekanligi ta’kidlandi.  

Shuningdek, delegatsiya a’zolariga ekoshaharga yondosh hududda barpo etilayotgan kichik sanoat zonasida tadbirkorlik sub’ektlari, xususan, xorijlik investorlar uchun beriladigan imtiyozlar borasida to‘liq ma’lumot berildi. Qirg‘izistonlik tadbirkorlar bu yerda yaratilgan qulayliklardan foydalanib istiqbolli loyihalarni amalga oshirishi mumkinligi ta’kidlandi.  

Ekoshaharga tashrif davomida ikki qardosh xalq do‘stligi ramzi sifatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mehmonlar ishtirokida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga ko‘chat ekish tadbiri ham o‘tkazildi.  

Norin viloyati delegatsiyasi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati bilan tanishish maqsadida viloyatdagi bir qator sanoat va ishlab chiqarish korxonalarida bo‘ldilar.  

Farg‘ona shahrida joylashgan mamlakatimizdagi yetakchi to‘qimachilik kompaniyalaridan biri – “Fergana global textile” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ishlab chiqarish tarmoqlari, raqamli texnologiyalar va ilmiy laboratoriyalari faoliyati bilan tanishgan mehmonlar korxona yaqin istiqbolda jahon bozorida o‘z brendini yaratishiga yuksak ishonch bildirdilar.  

Shundan so‘ng Norin viloyati delegatsiyasi uchun Farg‘ona viloyati tadbirkorlari tomonidan namunali ko‘rgazma tashkil etilib, unda tabiiy va ekologik toza xomashyolardan tayyorlanayotgan va eksportga chiqarilayotgan keng assortimentdagi mahsulotlar namoyish etildi.  

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov delegatsiya a’zolarini har bir tadbirkor ko‘rgazmasi bilan batafsil tanishtirdi. O‘z navbatida viloyat tadbirkorlari mehmonlarga o‘z korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar afzalliklarini ta’riflab, ularning o‘ziga xos jihatlari haqida to‘xtalib o‘tishdi. Ko‘rgazma qardosh xalq vakillarida katta taassurot qoldirdi.  

Delegatsiya a’zolari Quvasoy shahridagi milliy qorabayir naslli otlarni ko‘paytirish va boqish uchun mo‘ljallangan “Vodiy tulporlari” majmuasida nafaqat milliy, balki halqaro musobaqalarni ham qabul qila olish uchun yaratilgan zamonaviy majmua bilan tanishdilar.  

Quvasoy shahrida yaqinda ish boshlagan “Art soft ceramics” korxonasida ayni paytda 350 nafar ishchi va mutaxassis mehnat qilmoqda. Mahalliylashtirish darajasi 100 foiz bo‘lgani bois mahsulotlar narxi xorijnikidan ancha arzon. “Kvars” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan tanishuv jarayonida jahon bozorida raqobatbardosh shisha va oyna ishlab chiqarish jarayoni xususida ma’lumot berildi.  

Marg‘ilon shahridagi yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalaridagi loyihalar, ayniqsa, poyabzal ishlab chiqarish korxonalari faoliyati hamda yosh tadbirkorlarning yutuqlari mehmonlar e’tiborini tortdi. Farg‘ona tumanida joylashgan “Ekokeramika” korxonasi yiliga 500 ming dona 20 turdagi santexnika mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxona rahbari Salohiddin Yunusov mehmonlarga Yevropa standartlari bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan va asosan xorijga eksport qilinayotgan santexnika mahsulotlari haqida ma’lumot berdi.  

Yuzma-yuz muloqotlarda Norin viloyati delegatsiyasi a’zolari Farg‘onadagi yirik ishlab chiqarish korxonalari, tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va kuchaytirish yuzasidan kelishib oldilar.  

 

M.Sulaymonov, O‘zA  

M.Qodirov olgan surat