English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Faol hasharchi va terimchilar rag‘batlantirilmoqda
17:58 / 2023-09-23

Paxtadan olinadigan xomashyoning muhimligini e’tiborga olgan holda joriy yilda Namangan viloyatida 61 ming 25 gektar yer maydonlarida 220 ming 760 tonna hosil xirmoni uyush rejalashtirilgan.

Hosilni yig‘ishtirishda paxtachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari bilan bir qatorda paxtakorlarga ko‘ngilli ravishda uzoq-yaqindan kelayotgan hasharchilar ham yaqindan madadkor bo‘lyapti.

Viloyat hokimligi, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyati bo‘limi, O‘zbekiston Musulmonlar idorasi viloyat vakilligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Asadbek Umidjon Qodirbek” fermer xo‘jaligida paxta terimida alohida jonbozlik ko‘rsatayotgan faollarga esdalik sovg‘alari taqdim qilindi. Ayniqsa, terimda kunlik sur’atni oshirgan holda har kuni 100 kilogramdan ortiq “oq oltin”ni yig‘ishtirishda boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan peshqadam hasharchilar alohida rag‘batlantirildi.

– Yaxshi niyatlar bilan erta bahorda 34 gektar yerga “baraka urug‘i”ni qadagan edik. Shukrkim, bugun dalalarimizda hosil mo‘l, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Komiljon Mutalov. – Biz a’zolarimiz bilan birgalikda 170 tonna paxta xirmonini yetishtirishga astoydil intilmoqdamiz. Bugungi kunga kelib, belgilangan rejaning 50 foizidan ortig‘ini bajarishga erishdik. Hademay, zafar marrasini ham zabt etamiz. Bu borada bizga Namangan shahridan o‘z ixtiyori bilan ko‘makka kelayotgan hasharchilar yaqindan madadkor bo‘lishyapti.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA