English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energiya tejovchi gaz uskunalari tejamkor, qulay va xavfsiz
09:36 / 2024-06-22

Prezident qarori – amalda

Energiya  taqchilligi sayyoramizda  tejamkorlikka erishish masalasini ko‘ndalang qo‘ymoqda. Ayni paytda bu muammo bizning mamlakatimizni ham chetlab o‘tmayotir.  

Prezidentimizning 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bu boradagi ishlar natijadorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.  

Mazkur hujjatda energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy sohaning energiya sarfi hajmini keskin kamaytirish borasidagi ishlarni kompleks tashkil etish, shuningdek, yoqilg‘i-energetika resurslaridan oqilona va samarali foydalanishning muhim vazifalari belgilab berilgan. Shunga  muvofiq  Surxondaryo viloyatida ham gaz resurslaridan tejab foydalanish va iste’molchilarni bir maromda ishonchli, qulay yoqilg‘i bilan ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda.Mutaxassislarimiz tabiiy gazdan oqilona foydalanish va ortiqcha sarf-harajatni kamaytirish uchun aholi xonadonlarining qozonxonalari va ma’nan eskirgan, qo‘lbola gaz-gorelka qurilmalarini issiqlikni  avtomatik ravishda boshqaruvchi, xavfsizlik avtomatikasi bilan jihozlangan zamonaviylariga almashtirishga alohida ahamiyat bermoqda.

Yoqilg‘ini oqilona sarflashga xizmat qiladigan zamonaviy energiya tejamkor gaz qurilmalari foydalanilgan tabiiy gazni o‘rtacha 30-35 foizga iqtisod qiladi. Bu nafaqat gaz tejalishi, balki oila byudjetiga ham foyda keltiradi. Bundan tashqari, energiya tejamkor yondirgichlar iste’molchilar uchun xavfsizligi, ya’ni bosim pasayib-ko‘tarilishi oqibatida gaz uzatish tarmoqlarida uzilishlar bo‘lganda, avtomatik tarzda o‘chib, gaz o‘tkazishni to‘xtatib qo‘yishi  bilan ham ahamiyatlidir. Zamonaviy uskunalarning qulay va afzalliklari bilan iste’molchilarimizni yanada yaqinroq tanishtirish maqsadida tuman va shahar gaz ta’minoti bo‘limlari xodimlari o‘tkazayotgan targ‘ibot tadbirlarida aholiga bu haqda atroflicha ma’lumot berilmoqda.  

Joylarda  amalga oshirilayotgan  bunday tadbirlar iste’molchilarning tabiiy gazdan samarali foydalanishi yuzasidan bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlab, ma’nan eskirgan gaz jihozlarini energiya tejamkor yondirgichlarga  almashtirishga qiziqishini oshirmoqda. Bu holat tabiiy gazni va aholining foydalanilgan yoqilg‘i uchun mablag‘ini tejashiga ko‘maklashayotir. Jumladan, hozir viloyatda 138 ming 619 iste’molchi tabiiy gazdan foydalanmoqda. Ularda  277 ming 238 ta gaz jihozi mavjud. Shundan 267 ming 109 tasi zamonaviy, energiya tejamkor yondirgichlardir. Yilning o‘tgan davrida aholi xonadonlariga 10 ming 129 ta zamonaviy, energiya tejamkor yondirgich o‘rnatildi. Shuningdek, viloyatda 2 ming 894 ta ulgurji iste’molchi mavjud bo‘lib, ulardagi zamonaviy energiya tejamkor uskunalar 5 ming 968 tani, ma’nan eskirganlari 853 tani tashkil etadi. Shu paytga qadar ulgurji iste’molchilarning 5 ming 115 ta ma’nan eskirgan gaz jihozi zamonaviy, energiya tejamkor uskunalar bilan almashtirildi.

Yer qa’ridan mashaqqatli mehnat evaziga qazib olinayotgan tabiiy gaz ¬ yurt boyligi, obod turmush manbai. Uni tejab, isrof qilmasdan sarflash milliy iqtisodiyotimiz barqaror o‘sishini ta’minlab, aholining farovonlik darajasini oshirish hamda yoqilg‘i-energetika resurslariga bo‘lgan talabu ehtiyojini uzluksiz qanoatlantirishda muhim o‘rin tutadi. Viloyatda ma’nan eskirgan gaz jihozlarini zamonaviy, energiya tejamkor uskunalar bilan almashtirish bu masalaning yechimini topishga yaqindan ko‘maklashadi.  

Mirzoqul Mansurov,

"Hududgaz Surxondaryo" gaz ta’minoti filiali direktori.

O‘zA