English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energiya resurslaridan foydalanish nazoratga olindi
10:48 / 2023-02-08

Davlatimiz rahbari tomonidan aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hokimliklar, huquq-tartibot idoralari va boshqa mutasaddi tashkilotlarga bu borada aniq vazifalar belgilab berilgan edi. Prezident huzurida 6 fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda esa energetika sohasida nazoratni kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim belgilandi. Bu tizimga energetika nazorati bo‘yicha ikki yil “favqulodda tartibda” ishlash vazifasi qo‘yildi.

Energoinspeksiya va Majburiy ijro byurosining ishini takomillashtirish, elektr va tabiiy gazga ulanishda yangicha yondashuvlarni joriy qilish yuzasidan topshiriqlar berildi. Amalga oshirilayotgan ishlarni hamda energiya manbaalaridan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida qish mavsumida aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlashga doir media-reja tasdiqlangan.  

Samarqand viloyati hokimligi va prokuraturasi tomonidan elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir va neft mahsulotlarini ishlab chiqarish, sotish hamda iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga uzluksiz yetkazib berishda qonun buzilishlarining oldini olish, energiya resurslarni noqonuniy iste’mol qilish holatlariga chek qo‘yish, ulardan samarali foydalanish, mavsumni betalafot o‘tkazish maqsadida qo‘shma farmoyish tasdiqlanib, viloyat, shahar va tumanlarda shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.  

– Viloyat shtabi tomonidan kuz-qish davrida iste’molchilarni issiqlik, elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir va ichimlik suv bilan barqaror ta’minlash choralarini ko‘rish, bu borada fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘layotgan holatlarni tezkor aniqlash va bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Samarqand viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Jasur Yuldashev. – Mutasaddi tashkilotlar, mahalla faollari bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan holda har bir mahalladagi muammoli vaziyatdan xabardor bo‘lish, kommunal soha tashkilotlari faoliyati uchun zarur sharoit yaratish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, hududlarda elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ichimlik suv, ko‘mir va neft resurslarini talon-toroj qilish, yetkazib berilayotgan mahsulotlarning sifati buzilishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilmoqda.

Shtab va tegishli ishchi guruhlar tashkil etilgandan so‘ng o‘tgan yilning dekabr oyidan bugungi kunga qadar 843 ta noqonuniy holat aniqlangan. Jumladan, 209 holatda tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish oqibatida 947 million so‘mlik, 620 holatda elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish natijasida 6 milliard 453 million so‘mlik zarar yetkazilgan. Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish yuzasidan 7 ta (zarar miqdori 3 milliard so‘m), tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha 11 ta (zarar miqdori 700 million so‘m) jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, huquqni muhofaza qilish va mutasaddi idoralar xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan viloyatdagi transport vositalariga gaz quyish shoxobchalari faoliyati o‘rganilmoqda.

bugungi kunda “Hududiy elektr tarmoqlari” Samarqand filiali, “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali va “Samarqand suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tashkil etilgan dispetcherlik markazlariga iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlar, muammoli masalalar hamda takliflar tekzorlik bilan ko‘rib chiqilishi viloyat sektor rahbarlari tomonidan nazoratga olingan.  

G‘.HASANOV, O‘zA