
So‘nggi olti yilda O‘zbekiston iqtisodiy barqarorlik, inson huquqlari, odil sudlov, so‘z va e’tiqod erkinligi, ijtimoiy himoya sohalarida ko‘plab yutuqlarga erishdi. Xususan, fuqarolarning kundalik turmush tarzidagi yuzlab cheklovlarning olib tashlanishi, naqd pul, valyuta, kredit masalalaridagi muammolarning hal qilinishi shular jumlasidandir.
Jumladan, oldinlari oiladagi kimningdir sudlanishi, jamiyatda uning qolgan oila a’zolarining ham ko‘plab huquqlarini cheklar edi. Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida olib borilgan islohotlar sabab bunday taqiq qonunchilikdan chiqarib tashlandi. Kimdir bilib, yo bilmay qilgan xatosi uchun faqatgina o‘zi javobgar bo‘lishi belgilab qo‘ildi.
Ammo, bugun ortga qaytmas darajada tus olgan islohotlarimiz yuqoridagi kabi o‘zgarishlarning konstitutsiyaviy himoyasini ta’minlash zarur ekanligini ko‘rsatmoqda. Bu yutuqlar, huquq va erkinliklardan nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlarimiz ham emin-erkin foydalanishi uchun, ularni, albatta, Konstitutsiyada muhrlab qo‘yish talab etiladi.
Shu boisdan, Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida quyidagi muhim g‘oya va qoidalarni aks ettiruvchi bir qator asosiy o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jumladan, yangilanayotgan Konstitutsiyaning 20-moddasida inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi belgilab qo‘yilmoqda.
Albatta, ushbu norma fuqarolarga qanday imkoniyat beradi degan haqli savol tug‘ilishi mumkin. Jamiyatda hech bir shaxs yo‘qki, o‘z hayot faoliyati davomida u yoki bu masala bo‘yicha davlat organlariga murojaat etmasa. Ularni hal qilish esa davlat organlarining asosiy vazifasidir. Inson va davlat organlari o‘rtasidagi munosabatlar qonunchilik orqali tartibga solinishi esa tabiiy jarayondir.
Har doim ham qonunchilik va unda belgilangan normalar mukammal bo‘lavermaydi. Aytaylik, qaysidir tadbirkorning faoliyatiga nisbatan qo‘llanilayotgan jazo chorasi qonunchiligimizda yoki boshqa Hukumat qarorlarida bir-biriga teskari holatlarni keltirib chiqarmoqda. Endilikda, ana shunday noaniqlik holatlarida tadbirkor o‘zini oqlash uchun chora yoki yechim qidirishi shart bo‘lmaydi. Sababi, Konstitutsiyaga kiritilayotgan normada bunday nomuvofiqliklar davlat emas, inson foydasiga hal etiladi deya qat’iy norma bilan mustahkamlamoqda.
Ushbu prinsipning Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi Yangi O‘zbekistonni barpo etishdagi bosh g‘oyalardan biri bo‘lgan “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, 27-moddada hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emasligi, hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi belgilanmoqda.
Bu esa, inson huquqlarini sud orqali himoya qilish bo‘yicha muhim institutlardan biri “Xabeas korpus akt”ning Bosh qomusimizda qat’iy belgilab qo‘yilishidir. Endilikda, shaxs erkinligini cheklash bilan bog‘liq har qanday harakat faqatgina sudning qarori asosida amalga oshiriladi. Bu odil sudlovga erishish borasida boshlangan ishlarni yangi bosqichga olib chiqadi.
Shu bilan birga, yangilanayotgan Konstitutsiyada samarali, ixcham va xalqchil davlat boshqaruvini joriy qilish, parlamentarizmni kuchaytirish, yoshlarning ta’lim olish huquqi va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan qator normalar ham muhirlab qo‘yilmoqda.
Ushbu normalarning hayotimizda aks etishi 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumdagi faolligimizga bog‘liq. Shu boisdan, xalq vakili sifatida barcha yurtdoshlarimizni referendumda faol ishtirok etishga chaqirib qolaman.
Oltinoy Mamirova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
O‘zA