
Mutaxassislar raqamli texnologiyalarni qo‘llagan holda boshqaruv sifatini oshirish bo‘yicha halqaro tajribalar bilan o‘rtoqlashish maqsadida o‘tkazilgan vebinar mavzusi shunday nomlandi.
Vebinar BMTning Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi qoshidagi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari o‘quv markazi hamda “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi hamkorligida tashkil etildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari ham ishtirok etgan ushbu onlayn tadbirda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish milliy iqtisodiyotning o‘sishi, sanoatni modernizatsiya qilish, davlat boshqaruvi, ijtimoiy soha hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatishdagi ahamiyati haqida so‘z bordi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati ma’lum qilishicha, vebinarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarning keng qamrovli raqamli transformatsiyasiga qaratilgan – “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar taqdimoti ham o‘tkazildi.
Taqdimotda iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda elektron hukumat tizimlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha jadal sur’atlarda olib borilayotgan jarayonlarga urg‘u berildi.
– Xorijiy mutaxassislarning ilg‘or tajribalari, ayniqsa, raqamli texnologiyalarni qo‘llagan holda davlat boshqaruvi sifatini oshirish bo‘yicha ma’ruzalari tinglovchilarda qiziqish uyg‘otdi. Vebinarda O‘zbekistonda davlat boshqaruvi sifatini oshirishda raqamli texnologiyalardan qanday foydalanish mumkinligi haqida umumiy ma’lumot berilib, raqamli hukumat strategiyasi va siyosati uchun foydali deb hisoblangan asosiy tamoyillar yoritib berildi. Vebinar ishtirokchilari raqamli texnologiyalarning davlat va xususiy sohalarda tobora ortib borayotgani va ushbu texnologiyalarning davlat boshqaruviga ijobiy ta’siri va boshqa yechimlari haqida batafsil ma’lumotlar bilan tanishishga muvaffaq bo‘ldi, – dedi “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Siyovush Hoshimov.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA