
Prezident tashrifidan so‘ng...
Otamlab, onamlab bo‘zlamoq – meros. Lekin... Yaratgan hech kimni bolamlatmasin.
Shu bir gapdan so‘ng onaizor bir muddat jim qoladi. Suhbatdoshidan ko‘zini olib qochadi, hech kimga sezdirmay yutinishga urinadi. Bu bir-ikki soniyalik sukutning yuki bunchalar og‘ir bo‘lmasa?!
Onaxon o‘zini tutib oladi. U endi butunlay boshqa ayolga aylandi. Gapi dadil, nigohi mag‘rur.
Vatan himoyasi, el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan chegarachi, kapitan Shokirjon Yigitaliyevning onasi Odinaxon aya bilan suhbatimiz shunday boshlandi.
Davlat rahbari ishtirokidagi uchrashuvdaman. Kasb taqozosi bilan bu kabi rasmiy tadbirlarda ko‘p qatnashganman. Ularning har birini yaxshi eslayman, lekin bu safargisi boshqacha bo‘ldi.
Yaqinda – 13 mart kuni Termiz shahrida Prezidentimiz mamlakat osoyishtaligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila a’zolari bilan uchrashdi. Muloqot o‘ta samimiy ruhda, rasmiyatchiliklardan xoli bo‘ldi.
Namanganlik ona Odinaxon Yigitaliyeva bilan o‘sha uchrashuvdan so‘ng suhbatlashgan edik.

– Vataniga, xalqiga xizmat qilish uchun jonini fido qilgan farzandim bilan hamisha faxrlanaman, – deydi u. – O‘g‘limning mehnati, jasorati unutilgani yo‘q. Safdoshlari tez-tez yo‘qlab turadi. Vafotidan so‘ng o‘g‘limning farzandlari uy-joy bilan ta’minlandi. O‘zi II darajali «Shon-sharaf» ordeni bilan mukofotlandi. Davlatimiz mana shunday oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratayotganidan xursandmiz. Bu bo‘yicha qilinayotgan ishlar uchun Vatan himoyachisining onasi sifatida Prezidentimizga chin yurakdan rahmat deyish niyatim bor edi. Shu imkoniyatga ega bo‘lganimdan mamnunman.
Yurtning mustaqilligini asrash, sarhadlari daxlsizligini ta’minlash oson ish emas. Xalqimiz bu musaffo osmon uchun qancha sinovlarni boshdan o‘tkazdi. Bu yo‘lda Vatan o‘g‘lonlari – jasur harbiylarimiz o‘zlarining nimalarga qodirligini ko‘rsatgan. Bu kurashda harbiylar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari orasida halok bo‘lganlar ham borligini afsus bilan yodga olish insoniy burchimiz.
Bunday o‘g‘lonlar jasorati unutilmaydi, ularning oila a’zolariga g‘amxo‘rlik qilish davlatimiz e’tiborida. Marhum harbiy xizmatchilar davlatning yuksak orden va medallari bilan taqdirlangan. “Mard o‘g‘lonlar nomi barhayot” deb nomlangan xotira kitobida ular haqida batafsil ma’lumotlar keltirilgan.
Besh yildirki Prezident qarori bilan halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar farzandlari oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilinmoqda.
Darhaqiqat, yaqinda – 2023 yil 13 martda “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni e’lon qilindi. Bu hujjat Vatan uchun jon fido qilgan harbiy xizmatchilar xotirasini abadiylashtirish, ularning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda yana bir muhim qadam bo‘ldi.
– Farmonga muvofiq, Qurolli kuchlar tarkibiga kiradigan vazirlik va idoralar hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruhlar tuzildi. Tegishli komissiyalar tashkil etildi, – deydi Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i polkovnik Otabek Yo‘ldoshev. – Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar uchun belgilangan imtiyoz hamda kafolatlar tatbiq etilishini ta’minlovchi normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlanishi boshlandi. Shuningdek, “Faxriylar to‘g‘risida”gi, “Harbiy xizmatchilar maqomi va ularni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini ishlab chiqishga kirishildi. Qahramon o‘g‘lonlar xotirasini abadiylashtirish, ularning oila a’zolariga har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bo‘yicha qilinayotgan bu ishlar juda muhim ahamiyatga. Bu davlatimizda inson qadri va uni e’zozlash asosiy masala ekanining yaqqol ifodasi bo‘ldi.

Vafot etgan xizmatchilarning oila a’zolari orasida uy-joy bilan bog‘liq muammosi borlar ham mavjud. Ularning ba’zilari ijarada, ba’zilari qarindosh-urug‘larinikida istiqomat qiladi. Endi, muhtoj oilalarga birinchi navbatda turar joy berilishi, imtiyozli ipoteka krediti olish imkoniyati yaratilishi ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, oila a’zolariga ijara to‘lovi uchun 1 million 800 ming so‘mgacha mablag‘ beriladi. Shuningdek, halok bo‘lgan xizmatchining farzandlari bog‘cha, kollej, texnikum va oliygohda bepul ta’lim-tarbiya oladi.
Hujjatga halok bo‘lgan harbiylar va huquq-tartibot xodimlarining oila a’zolari oladigan pensiya miqdorining oshirilishi, ularning harbiy shifoxonalarda bepul davolanishi kabi qator imtiyozlar haqida ham tegishli bandlar kiritilgan.
– Otam harbiy uchuvchi edi. U 2000 yil jangovar topshiriqni bajarish chog‘ida halok bo‘lgan, – deydi mayor Anvar Hamroyev. – Yigirma uch yildirki oilamiz davlat e’tiborida. Otam yurt tinchligi yo‘lidagi mehnatlari uchun “Jasorat” medali, “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangan. Vatan o‘z qahramonlarini unutmasligini, ular yodi har doim qalblarda ekanligini ko‘rib ulg‘aydim. Shuning uchun ota kasbni tanladim. Bundan faxrlanaman, ularday mard va jasur bo‘lib, Vatanimizni har qanday yovuz kuchlardan himoya qilishga tayyorman.
Termizdagi uchrashuvda davlatimiz rahbari el-yurt uchun jonini fido qilgan o‘g‘lonlarni “halok bo‘lgan” deyishga til bormasligini eslatdi. Ular oilasi uchun, Vatanimiz uchun hamisha barhayotligini ta’kidladi. Vatan uchun jon fido qilgan harbiy xizmatchilar oilasiga e’tibor va g‘amxo‘rlik o‘tganlar yodi qalblarimizda hamisha saqlanishining yorqin ifodasi sanaladi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri