English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eksport va tranzit salohiyatini oshirishga qaratilgan muhim hujjatlar imzolandi
19:19 / 2022-11-25

25 noyabr kuni “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasini hamda Navoiy xalqaro aeroporti yuk terminalini boshqarish bo‘yicha hujjatlar imzolandi.

Bu marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi.

– Bugun dunyodagi geosiyosiy vaziyat har bir davlatdan o‘z imkoniyat va resurslaridan to‘g‘ri foydalanish, yangi savdo va logistika yo‘laklarini yaratishni taqazo etmoqda. Bu borada jahonning nufuzli kompaniyalari bilan muzokaralar olib borib, eng maqbul takliflarni o‘rganayapmiz. Maqsadimiz – mamlakatimiz eksport salohiyatini 2030 yilgacha kamida 3-4 barobarga oshirish, – dedi davlat rahbari.

“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hamda Navoiy xalqaro aeroporti sanoat va logistika bo‘yicha ulkan imkoniyatlarga ega. Ularda zarur infratuzilma va tizim yaratilgan. Bundan samarali foydalanish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklarining “DP World” kompaniyasi bilan “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasini boshqarish bo‘yicha kelishuv, “Terminals Holding” kompaniyasi bilan Navoiy aeroporti yuk terminalini boshqarish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

“DP World” “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida xorijiy investorlar talablariga javob beradigan xalqaro xuquq normalarini joriy qilib, yirik ishlab chiqaruvchilarni jalb etadi.

“Terminals Holding” kompaniyasi Navoiy xalqaro aeroportining yuk aylanmasini keskin oshirish va uni yirik kargo xablari bilan bog‘lash bilan shug‘ullanadi. Bu hamkorlik O‘zbekistonning asosiy xalqaro transport yo‘laklariga integratsiya bo‘lishi va tranzit hajmini kamida o‘n barobarga oshirishiga salmoqli hissa qo‘shadi.

Umuman, ushbu ikki kelishuv mamlakatimizda innovatsion va yuqori texnologik xizmatlar ko‘payishi, iqtisodiyotimiz uchun eng muhim bo‘lgan transport kommunikatsiyalari rivojlanishiga xizmat qiladi.

– Bu ikki kompaniyaning O‘zbekistondagi biznesi jadal rivojlanishiga tilakdoshman. Mazkur loyihalar davlatlarimiz o‘rtasidagi yaqin hamkorlik miqyosini yanada oshirishiga ishonaman, – dedi so‘zining yakunida Prezidentimiz.

Marosimda “DP World” va “Terminals Holding” kompaniyalari rahbarlari kelishuvlardan mamnun ekanini bildirib, bu ikki tomon uchun katta imkoniyatlar ochishini ta’kidladi.

Shu bilan davlatimiz rahbari Navoiy viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.