
Buxoroda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi viloyat boshqarmasi tomonidan 5 iyun – Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda tegishli hokim o‘rinbosarlari, soha fidoyilari, viloyat aholisi va mehmonlari, keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov so‘z oldi. Soha vakillarini mazkur sana bilan muborakbod etdi. Mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida ekologiyaga hukumat darajasida e’tibor kuchaygani, davlat siyosatining bir qismiga aylanganini ta’kidladi. Shuningdek, iqlim inqiroziga qarshi kurashish, millionlab turlar yo‘q bo‘lib ketishining oldini olish va oziq-ovqat xavfsizligi, suv ta’minoti va turmush sharoitlarini yaxshilash uchun buzilgan va vayron qilingan ekotizimlarni tiklash borasida salmoqli ishlar olib borilayotgani aytildi.
[gallery-12227]
Viloyatda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2022 yil bahor-kuz mavsumida 16,4 million dona mevali va manzarali ko‘chatlar ekilgan. Joriy yilning bahor mavsumida 10 million donadan ortiq mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazilgan.
Sana munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda sohada ko‘p yillar mehnat qilgan, faxriy va tashabbuskor xodimlar tashakkurnoma bilan taqdirlandi. Tadbir viloyat san’at ustalari tomonidan tayyorlangan bayram dasturi bilan davom etdi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA