English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ehtiyojmandlarni uy-joy bilan ta’minlash va “snos” masalasi qonun himoyasida bo‘ladi
14:21 / 2023-03-29

Umumxalq referendumida ovozga qo‘yilayotgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 47-moddasida quyidagi norma qat’iy belgilab qo‘yilmoqda: “Har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega. Hech kim sudning qarorisiz va qonunga nomuvofiq holda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanadi.

Davlat uy-joy qurilishini rag‘batlantiradi va uy-joyga bo‘lgan huquqning amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi. Aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi qonun bilan belgilanadi”.  

Xo‘sh, bu nimani anglatadi? Shunday tushunish kerakki, barcha demokratik davlatlarda mulk huquqi, ayniqsa, shaxs yashab turgan uy-joyga nisbatan mulk huquqi muqaddas huquq hisoblanadi va mutlaq himoya qilinadi. Xuddi shu me’yor endi bizning asosiy qonunimizda o‘z aksini topmoqda. Mazkur modda bilan uy-joy mulkdorlariga nisbatan ikki turdagi muhim konstitutsiyaviy kafolat belgilanmoqda. Sud kafolati va uy-joydan mahrum etilganda teng qiymatda kompensatsiya olish kafolati. Sud kafolati uy-joyga nisbatan mulk huquqi sud qarorisiz mahrum etilishiga yo‘l qo‘yilmasligini anglatadi. Teng qiymatda kompensatsiya olish esa mulkdorga olib qo‘yilgan mol-mulk uchun unga teng qiymatli mol-mulk berilishi va ko‘rilgan boshqa zarar to‘la hajmda qoplanishini anglatadi.  

Soddaroq qilib tushuntirganda, endi tadbirkor yoki fuqaroning mulki “snos” bahonasida buzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Davlat ehtiyoji uchun olinishi ko‘zda tutilgan hududlar esa mulk egasi rozi bo‘lgan va kompensatsiya to‘liq qoplab berilgandan keyingina buzilishi mumkin.  

Prezidentimiz tashabbusi bilan “Mening birinchi uyim” nomli yangi ipoteka dasturini amalga oshirish boshlanayotgani ham tilga olgan jarayonning izchil davomi hisoblanadi. Mazkur dastur, birinchi navbatda, turar-joyga ehtiyoji bor hamda yosh oilalar uchun eng qulay shartlar asosida uylar barpo etilishi va foydalanishga topshirilishi natijasida og‘ir sharoitlarda yashab turganlar o‘zining zamonaviy boshpanasiga ega bo‘ladi. Takror bo‘lsa-da aytishga to‘g‘ri keladi: ehtiyojmandlarni uy-joy bilan ta’minlash tartibi ham konstitutsiyaviy norma maqomiga ko‘tarilmoqda.  

Yangi tahrirdagi qomus kuchga kirgach, ishonchim komilki, jamiyatimizda o‘tkir muammolardan biriga aylangan “snos” bilan bog‘liq achinarli holatlar ham, ayni tushunchaning o‘zi ham butunlay yo‘qoladi. Chunki konstitutsiyada bu qoidaning mustahkamlanishi orqali aholining uy-joylari katta-kichik amaldorlar ixtiyori bilan olib qo‘yilmasligiga va insonlarning ko‘chada qolib ketmasligiga erishiladi. Hech kim mulk egasini rozi qilmasdan turib, uni buza olmaydi.  

Shunday paytlarda Sohibqiron Amir Temurning “o‘z qudratimni saqlash uchun bir qo‘limda adolat, ikkinchisida beg‘arazlik shamini tutib, ular ila umr yo‘limni yoritib yurdim”, – degan tuzugi yodimga tushadi. Zero, buyuk jahongirning ana shunday o‘gitlari, ilm-ma’rifat va odillikning ahamiyatiga oid saboqlari bugungi avlodlarning maqsadga yetishish yo‘lini yoritayotgani shubhasiz.  

O‘zLiDeP Jizzax viloyati kengashidagi faoliyatim davomida uy-joy va mulk masalasida ko‘plab murojaatchilar bilan muloqot qilishga to‘g‘ri keldi. Ularning oddiy insoniy mantiqqa asoslangan mulohazalarini tinglar ekanman, yuragini o‘rtayotgan dardi mening dardimga aylanganday bo‘lardi. “Hokim bitta qaror bilan qanday qilib uyimni buzadi?” – degan savoliga aniq javob berish chigal jumbog‘u, tuzalmas mushkulotning o‘zginasi edi.  

Ana endi unday bo‘lmaydi – barcha rivojlangan davlatlarda bo‘lgani kabi masala faqat sud muhokamasiga qo‘yiladi. O‘zLiDeP ham ishni ko‘rish jarayonida bemalol mulkdor tomonda tura oladi. Elektoratning manfaatini chinakam himoyalashni uddalaydi. Partiyaviy mansublikdan tashqariga chiqib, lo‘nda aytadigan bo‘lsam – ongsizlikni ongli ravishda avj oldirish davri tugadi.    

O‘ziga xos xulosa tarzida ta’kidlash joizki, konstitutsiyaviy islohotlar markazida QADR va HUQUQni ta’minlash masalalari turgani ochiq haqiqat. Demak, evolyutsion yangilanishlar maydonida namoyon bo‘lgan INSON nainki hayoti o‘zgarishi, ayni paytda o‘z huquq va manfaatlarining konstitutsiyaviy darajada kafolatlanishini istashi va shunga astoydil intilishi tabiiy, albatta. Xalqimizning bo‘lajak referendumda faol qatnashish tadorigini ko‘rayotgani, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deya ayrim befarqlarni ham “uyg‘otish”ga harakat qilayotgani ana shu muhim omil bilan bevosita bog‘liq.  

Sherzod MAMATQULOV,  

O‘zLiDeP Jizzax viloyati kengashi  

apparat rahbari  

O‘zA