
"Dok–1 Maks" nomidagi dori vositasining nojo‘ya ta’siri sabab Samarqandda yosh bolalar o‘rtasida o‘lim holati qayd etildi.
Bu boradagi holat Sirdaryo viloyatida ham 7 nafar bemor bolada qayd etilib, ularda "Dok-1 Maks" dori vositasining nojo‘ya ta’siri kuzatildi. Ayni vaqtida, 4 nafar bola dori vositasi bilan bog‘liq darddan forig‘ bo‘lgan bo‘lsa, ikki nafar bemor bola Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo filialida, 1 nafar bola Respublika bolalar milliy markaziga o‘tkazildi. Bu holatning kelib chiqishiga, shifokorlar ko‘rsatmasisiz, dorixonadan dori vositalarini xarid qilib ichirgani, shifokorlar tavsiyasiga amal qilmagani sabab bo‘lgan.
– Bemor bolalarda og‘ir o‘tkir respirator kasallik alomatlari, o‘tkir nefrit, ikkala buyrak yetishmovchiligi, anuriya va boshqa shu turdagi alomatlar kuzatildi, –dedi Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Oltinoy Esonova.— Ularga Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo filialida, filial mutaxassislari tomonidan, belgilangan tartibda yordam ko‘rsatilib, gemodializ muolajalari o‘tkazildi. Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi, boshqarma tizimidagi tibbiyot muassasalarida faoliyat olib borayotgan shifokor va hamshiralar tomonidan aholi orasida “Dok-1 Maks” dorisi, uning nojo‘ya ta’siri to‘g‘risida keng qamrovli targ‘ibot tadbirlari ham tashkil etilib, dori vositalarining nojo‘ya ta’siri to‘g‘risida ogohlantirib borilyapti.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA