English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Dok-1 Maks” siropi: Namanganda ayni vaziyat qanday?
15:29 / 2023-01-01

So‘nggi vaqtlarda mamlakatimizda o‘tkir respirator kasalliklarga chalingan bolalarda “Dok-1 Maks” dori vositasini ichish oqibatida o‘lim holatlari kuzatilganligi keng jamoatchilikni jiddiy xavotirga soldi. Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasiga tegishli mazkur dori vositaci respublikamizga “Quramax Medical” MCHJ tomonidan import qilinib, savdoga chiqarilgan. Shu yilning 30 dekabridan boshlab, hind kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan barcha turdagi dori vositalari savdosi vaqtincha to‘xtatildi.

Xo‘sh, Namangan viloyatida mazkur dori vositalarini iste’mol qilgan bemorlarda biror nojo‘ya ta’siri, og‘ir asoratlari kuzatilmadimi? Ayni shu haqida Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abdulxodi Iminov O‘zA muxbiriga shunday dedi:

– Ta’kidlash joizki, yurtimizda oxirgi o‘n kunlikda yuz bergan noxush vaziyatga “Dok-1 Maks” preparatini uy sharoitida bolalarga shifokor retseptisiz, ota-onalar tomonidan mustaqil yoki dorixona sotuvchilarining tavsiyasi bilan shamollashga qarshi vosita sifatida noto‘g‘ri qo‘llanilgani sabab bo‘ldi. Xayriyatki, bugungi kunga qadar Namangan viloyatida ushbu siropdan foydalanish oqibatida bemorlarda og‘ir holatlar qayd etilmadi. Bu borada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy voqealarning oldini olish maqsadida viloyatdagi barcha tibbiyot muassasalari tomonidan targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hay’at majlisida ham bu muhim masala atroflicha muhokama qilindi.

Birinchi navbatda, Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida bolalar reanimatologi, taksikolog va nefrolog vrach-mutaxassislardan iborat tezkor shtab guruhi tuzilib, shay holga keltirildi. Mazkur shifo maskanida Hindistonda ishlab chiqarilgan dori vositalaridan shikoyat qilib murojaat etgan fuqarolarga zaruriy tibbiy yordam va tavsiyalar berilmoqda.

Viloyat, shahar va tuman tibbiyot muassasalari, ya’ni Respublika ixtisoslashtirilgan markazlari filiallaridan tortib qishloq hududlaridagi oilaviy shifokorlik poliklinikalarida aholining xabardorlik darajasini va hushyorligini oshirish maqsadida “Shifokor tavsiyasisiz dori iste’mol qilmang!”, “Shifokor retseptisiz dori xarid qilmang!” kabi mazmundagi tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi viloyat bo‘limi, viloyat monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi mutaxassislari tomonidan viloyat hududida joylashgan dorixonalarda savdosi taqiqlangan, Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va yurtimizda ro‘yxatdan o‘tkazilgan barcha turdagi dori vositalarining xaridiga chek qo‘yish borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Darvoqe, Namangan shahrining qoq markazida, Navoiy va Nodira ko‘chalariga tutash - "O‘zstandart" binosi ustida "Marion Biotech" kompaniyasiga tegishli, savdosi taqiqlangan “Sinepar” dorilarini xarid qilishga qaratilgan reklama banneri hanuzgacha olib tashlanmagan edi. Ushbu holat shahar hokimligi hamda viloyat monopoliya boshqarmasi tomonidan bartaraf qilinib, ko‘pchilikning e’tiborini tortadigan reklama banneri olib tashlandi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA