
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi shifoxonada hamshiraning farzandi oldida vahshiylarcha kaltaklangani haqida videolavha yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy munosabat bildirgan edi.
Aniqlanishicha, Denov tuman sil kasalliklar shifoxonasi bosh hamshirasi D.I. va mazkur davolash muassasasi fizioterapiya bo‘limi hamshirasi S.T.ning shaxsiy adovati sabab, joriy yil 18 oktyabr kuni ertalab soat 10:00 lar atrofida ziddiyatli holat yuzaga kelgan. Ushbu holatga S.T.ning yaqinlari ham aralashib, shifoxona bosh hamshirasiga tan jarohati yetkazgan.
Rasmiy munosabatda tibbiyot xodimlarining odob-axloq qoidalariga zid xatti-harakatlarni sodir etgan hamshiralar vaqtincha ishdan chetlashtirilgani, shu bilan birga kaltaklangan hamshira qizining ruhiy holati va sog‘lig‘i mutaxassislar nazoratiga olingani aytilgan.
Ta’kidlanishicha, Denov tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra, 23 oktyabr kuni S.Q. va S.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA