English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dehli universitetida O‘zbekiston bayrog‘i hilpiraydi
11:12 / 2022-11-18

18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kuni

 Ushbu oliygohda O‘zbek tili va hind-o‘zbek ilmiy-madaniy aloqalari markazi ochildi  

Joriy yilning 17 noyabr kuni ilk marotaba Dehli universitetining Ijtimoiy-gumanitar fakulteti tarkibida O‘zbek tili va hind-o‘zbek ilmiy-madaniy aloqalari markazi ish boshladi va o‘zbek tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.   

Bu haqda hozir Dehlida bo‘lib turgan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti prorektori Qudrat OMONOV O‘zA muxbiriga xabar berdi.  

– Avvalo, xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun bilan Hindistonda bo‘lib turgan delegatsiya nomidan qutlayman. Davlat bayrog‘i shonu sharafimiz. Kecha Dehli universitetining Ijtimoiy-gumanitar fakulteti tarkibida O‘zbek tili va hind-o‘zbek ilmiy-madaniy aloqalari markazi ish boshladi va o‘zbek tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.  

Aynan shu markazda mamlakatimiz ramzi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining qo‘yilishi ham biz uchun faxr-iftixor bag‘ishladi.  Mazkur universitetda yurtimiz bayrog‘ining hilpirab turishi ikki oliygohning o‘zaro hamkorligi yanada mustahkamlanishiga muhim ishoradir.  

Aytish joizki, yangilanayotgan dunyo geosiyosiy maydonida Hindistonning iqtisodiy, siyosiy, madaniy sohalardagi o‘rni va mavqei tez sur’atlar bilan ortib bormoqda. Ayniqsa, keyingi o‘n yillikda ta’lim sohasida Hindiston erishgan yutuqlarni alohida e’tirof etmoq lozim. Shu jihatdan yurtimiz yoshlari o‘rtasida Hindiston oliy o‘quv yurtlariga bo‘lgan talab o‘sib bormoqda. O‘z navbatida mamlakatimizda kechayotgan barcha sohalardagi o‘zgarishlar hindistonliklarning ham qiziqishiga sabab bo‘lmoqda.      

Ayni kunlarda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rahbariyatining Hindistonga amalga oshirayotgan safari ayni ehtiyojlarni hisobga olgan. Hindistondagi eng nufuzli universitet va TDSHU rahbarlarining muloqoti natijasida ikki universitet o‘rtasida imzolangan shartnoma bundan keyingi o‘zaro manfaatli hamkorlikning samarali davom etishi uchun asos bo‘ldi.  

Mazkur shartnoma imzolash jarayonida ikki oliy ta’lim muassasasi rahbarlari, Hindistondagi O‘zbekistonning Favqulodda va muxtor elchisi ishtirok etdi. Tadbirda Dehli universiteti vitse-kansleri Yogesh Singx o‘zbek xalqi bilan hind xalqi o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalar ko‘p asrlik tarixga ega ekanligini, mazkur imzolangan shartnoma ikki xalq o‘rtasida ta’lim sohasidagi qadimgi rishtalarga yangi turtki bo‘lishini qayd etdi. Bundan tashqari ikki universitet ilmiy jamoatchiligi tomonidan amalga oshiriladigan qo‘shma ilmiy loyihalar, o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlari orqali mutaxassislar tayyorlash ishlari uchun huquqiy asos bo‘lishi muqarrar ekanligiga alohida urg‘u berdi.  

O‘z navbatida, TDSHU rektori Gulchehra Rixsiyeva O‘zbekistonda hindshunoslikning rivojalanish istiqbollari, ikki nufuzli universitet o‘rtasidagi ilmiy aloqalar, TDSHUda hind tilining o‘qitilishi tarixi haqida ma’lumot berib, Dehli universitetida ham o‘zbek tili va adabiyoti, tarixini o‘qitish, o‘zbekshunoslik bo‘yicha kadrlar tayyorlash ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda ko‘prik vazifasini o‘tashini ta’kidlab o‘tdi.  

O‘zbekiston Respublikasining Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Ahadov esa dunyo fanida ilk ilmiy hindshunoslikka asos solgan alloma Abu Rayhon Beruniy ekanligi va uning “Hindiston” asari ushbu ilmiy yo‘nalishga tamal toshi bo‘lib xizmat qilganligi, shuning singari tadqiqotlar hozirgi chog‘da ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagani, bu boradi ikki universitet olimlari oldida qator muhim vazifalar borligiga urg‘u berdi.  

Shartnoma asosida ilk marotaba Dehli universitetining Ijtimoiy-gumanitar fakulteti tarkibida O‘zbek tili va hind-o‘zbek ilmiy-madaniy aloqalari markazi ish boshladi va o‘zbek tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Mazkur markaz uchun alohida maxsus xona ajratilib, o‘zbek tili va madaniyati bilan bog‘liq o‘quv-uslubiy materiallar bilan ta’minlandi. Quvonarlisi, o‘zbek tilini o‘rganuvchi talabalar uchun ilk saboqlar ham tashkil etildi. Xususan, universitet rektori G.Rixsiyeva, professor Q.Omonov, dotsent M.Abdurahmanova tomonidan mahorat darslari ham o‘tib berildi.  

Tadbir yakunida markaz o‘z faoliyatini samarali davom ettirishi uchun TDSHU tomonidan yaqin kunlar ichida o‘zbek tili o‘qituvchisi bilan ta’minlanishi haqida kelishib olindi.  

 

O‘zA muxbiri  

Nasiba ZIYODULLAEVA  

yozib oldi.