
Joriy yil 24 martda "Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, ommaviy savdolar orqali to‘liqligicha sotiladigan 1 ming 1 ta korxonaning aksiya paketlari (ulushlari) ro‘yxati, aksiya paketlari «bitta aksiya – bitta lot» tamoyili asosida xalq IPOsini o‘tkazish tartibida ommaviy savdolar orqali sotiladigan 40 ta korxona ro‘yxati tasdiqlandi.
Shu bilan birga ommaviy savdolar orqali sotiladigan 1 ming 46 ta davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarning ko‘chmas mulk ob’ektlari ro‘yxati tasdiqlandi.
2023 yil 1 iyuldan jismoniy shaxslarga «Davlat mulki» axborot tizimi orqali maydoni 2 000 metr kvadratgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha ariza berish huquqi beriladi.
1 sentyabrdan esa ko‘chmas mulk ob’ektlari va davlat ulushlari xususiylashtirilganligi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi order va sertifikat Davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali beriladi.
Har chorakda joyiga chiqqan holda investitsiya majburiyatlarining bajarilishini oraliq monitoring qilish tartibi bekor qilinadi. Investitsiya majburiyatlarining bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni qog‘oz shaklida taqdim etish tartibi bekor qilinib, tegishli davlat organlari va tashkilotlarning elektron bazasini «Davlat mulki» axborot tizimiga integratsiya qilish va tadbirkorlar elektron tizimga kiritadigan ma’lumotlar orqali hisobotlarni olish yo‘lga qo‘yiladi.
2023 yil 1 sentyabrgacha davlat ixtiyoridagi istirohat bog‘lari xatlovdan o‘tkaziladi.
O‘zA