English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat boshqaruv organlari rahbarlari safarbarlik yig‘inida
16:35 / 2022-11-26

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan Markaziy harbiy okrugning “Forish” tog‘ poligonida Jizzax va Samarqand viloyatlari, tumanlari va shaharlari hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, xo‘jalik birlashmalari hamda tashkilotlar rahbarlari ishtirokida safarbarlik yig‘in bo‘lib o‘tdi.

Besh kun davom etgan ushbu safarbarlik yig‘inida davlat boshqaruvi organlari rahbarlari jahon va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar, Qurolli Kuchlarni rivojlantirishda harbiy-ma’muriy sektorlarning faoliyati va ahamiyati bilan tanishtirilib, harbiy aloqa, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, harbiy texnik-sport bellashuvlari hamda harbiy qurollardan foydalanish tayyorgarligidan o‘tdi.  

Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi va ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilar tomonidan o‘tkazilgan har bir mashg‘ulot qatnashchilarning mazkur sohani puxta o‘zlashtirishlarida muhim o‘rin tutdi.  

Ular uchun mahorat darslari o‘tilib, amaliy mashqlar 9 millimetrli “Makarov pistoleti”, “AK-74” Kalashnikov avtomati va pulemyoti, “SVD” kabi harbiy qurollarda olib borildi.  

Davlat boshqaruv organlari rahbarlari mashg‘ulotlar jarayonini Mudofaa vaziri o‘rinbosari polkovnik Q.Tursunov hamda ikki viloyatning rahbarlari jarayonni kuzatish bilan birga, ushbu yig‘inda bevosita o‘zlari ham ishtirok etganini alohida ta’kidlash lozim.  

Shuningdek, mazkur yig‘in ishtirokchilariga jangovar va zirhli texnikalarning boshqarilishi, ekipajlar joylashuvi, ulardagi qo‘llaniladigan qurol va qurilmalarni ishlatish  haqida batafsil tushuncha va ko‘nikmalar berildi. Shundan so‘ng yig‘in qatnashchilari ushbu texnikalarni o‘zlari boshqargan holda belgilangan masofani bosib o‘tdi.  

Yig‘inning so‘ngi kunida tadbirning tantanali yopilish marosimi tashkil etilib, unda besh kunlik yig‘in, orttirilgan tajriba va ko‘nikmalar sarhisob qilindi.  

Ishtirokchilarga safarbarlik yig‘inini to‘liq o‘taganlik bo‘yicha sertifikat, eng faol qatnashchilarga esa Mudofaa vazirligi va Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligining faxriy yorliq, esdalik nishonlari hamda musobaqalarda g‘olib bo‘lgan jamoalarga kuboklar tantanali ravishda topshirildi.  

A.QAYUMOV,  

J.YORBEKOV (surat), O‘zA