English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat bayrog‘i qayerlarda ko‘tarilgan bo‘lishi kerak?
10:59 / 2022-11-18

18 noyabr — Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun

O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i mamlakatimiz suverenitetining ramzi, hurligimiz, erkinligimiz, osoyishtaligimiz timsolidir. Boy o‘tmishimiz, milliy madaniyatimiz, qadriyatlarimiz va o‘zligimizdan darak beruvchi muhim vositadir.

Vatan bayrog‘ini ko‘zga surtib, to‘tiyo qilish, har qanday vaziyatda ham uni baland ko‘tarish har bir fuqaroning burchi va vazifasi. Uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, yurt bayrog‘i poyida tiz cho‘kib, hurmat bajo keltirish vatanparvarlik namunasidir. Bugun har bir hududda, tashkilot va idoralarda, markaziy ko‘chalarda Vatan bayrog‘ining hilpirab turishi qalbimizga g‘urur va faxr hissini jo etadi.

«O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasida Davlat bayrog‘i doimiy ravishda ko‘tarilgan bo‘lishi lozim bo‘lgan manzillar belgilab qo‘yilgan. Xo‘sh, qonun bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i qayerlarda ko‘tarilgan bo‘lishi kerak?

Yuqorida qayd etilganidek, «O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra, davlatimiz bayrog‘i doimiy ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorgohlarining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, respublika davlat boshqaruvi organlarining, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining binolarida ko‘tarilgan bo‘lishi kerak. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, sudlar hamda prokuratura organlarining binolarida ko‘tarilgan bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, yuqoridagi maskanlarning majlislar zallarida ham doimiy ravishda ko‘tarilgan turishi kerak.

DAVLAT BAYROG‘I KIMLARNING XIZMAT XONALARIDA BO‘LISHI KERAK?  

«O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonunda Davlat bayrog‘i kimlarning xizmat xonalarida doimiy ravishda bo‘lishi ham belgilab berilgan. Xususan, qonunning 5-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri, Senat Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud raislari, respublika davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining xizmat xonalarida muntazam ravishda Davlat bayrog‘i ko‘tarilgan turishi lozim. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, Davlat xavfsizlik xizmati raisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati raisi, Milliy gvardiya qo‘mondoni, Markaziy bank boshqaruvi raisi, Hisob palatasi raisi, Markaziy saylov komissiyasi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi raislari, viloyat, tuman va shaharlar hokimlarining, O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari boshliqlarining xizmat xonalarida doimiy ravishda ko‘tarilgan bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, mazkur qonunda nazarda tutilgan boshqa bir qator joy va ob’ektlarda Vatan bayrog‘i ko‘tarilishi mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, ona yurt bayrog‘ining har bir manzilda baland ko‘tarilishi, nur sochgan misol turishi har birimizga faxr va iftixor bag‘ishlaydi. Undan o‘zgacha kuch olib, g‘ururlanishimizga, Vatan tuyg‘usini tuyishimizga hissa qo‘shadi.

 

 

Muhtarama Komilova, O‘zA