English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshiruvchi korxonalarga bir qator imtiyozlar berildi
14:35 / 2022-12-15

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur qonun loyihasi Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan. Majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Xo‘sh, ushbu qonun qaysi tamoyillar asosida ishlab chiqildi? Qonun ijrosida qanday yangiliklar amalga oshiriladi? Ushbu savollarga Davlat ekologiya qo‘mitasining Chiqindilar bilan ishlash sohasidagi metodologiya va normativ hujjatlarni ishlab chiqish bo‘limi bosh mutaxassisi Otabek Rahbarov javob berdi.  

"So‘nggi yillarda mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilishni ta’minlash, hududlarning sanitariya va ekologik holatini yaxshilash, shuningdek, maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish infratuzilmasini takomillashtirish hamda hududlarni sanitariya jihatidan tozalash xizmatlari bilan qamrab olish imkoniyatlari kengaydi, – dedi Otabek Rahbarov. – Shunga qaramay, sanoat ishlab chiqarish va urbanizatsiya ko‘lamining keskin kengayishi, aholi punktlariga tushayotgan ekologik yuklamaning oshishi hamda maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun aholining to‘lov intizomi past darajada ekanligi sanitar tozalash korxonalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida qo‘shimcha choralar ko‘rishni taqozo etadi.  

Shu munosabat bilan davlatimiz rahbarining joriy yil 11 avgustdagi «Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni tashkil etish tizimini isloh qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshiruvchi korxonalarga bir qator soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, boshqa preferensiyalar berilishi belgilandi.  

Xususan, mazkur farmonning 2-bandi «a» kichik bandida 2026 yil 1 yanvarga qadar asosiy faoliyati chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash hisoblangan tadbirkorlik sub’ektlari uchun ushbu faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida qo‘llanilishi belgilangan.  

Qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasini hisobot davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning umumiy hajmida chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash faoliyatidan olgan daromadlarining ulushi 90 foizdan kam bo‘lmagan soliq to‘lovchilar tomonidan 2026 yil 1 yanvarga qadar ushbu faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i va ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdoridagi soliq stavkalari bo‘yicha to‘lashini nazarda tutuvchi yangi qism bilan to‘ldirish taklif etilmoqda. Bunda tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan hisoblanmaydi. Qonun loyihasi berilayotgan ushbu imtiyoz natijasida sohada faoliyat yurituvchi korxonalar ixtiyorida yillik 26,3 milliard so‘m qo‘shimcha daromad hosil bo‘lishi kutilmoqda.  

bugungi kunda respublika bo‘yicha sanitar tozalash korxonalari soni 137 tani tashkil qilib, ular daromadining umumiy hajmida chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash faoliyatidan olingan daromadning ulushi 90 foizdan yuqorini tashkil etmoqda.  

Shuningdek, hozirda umumiy quvvati yiliga 4,4 million tonna qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlaydigan 313 ta korxona mavjud bo‘lib, ular daromadining manbalari chiqindilarni qayta ishlash bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa faoliyat yo‘nalishlaridan ham shakllanadi.  

Soliq kodeksining 337, 483-moddalariga muvofiq muayyan faoliyat yo‘nalishlardagi soliq to‘lovchilarga tegishli (asosiy) faoliyat turlaridan olingan daromadlari jami yillik daromadining kamida 90 foizini tashkil etishi sharti bilan soliq imtiyozlari belgilangan.  

Taklif etilayotgan qonun loyihasi chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash faoliyatini yurituvchi ixtisoslashtirilgan sub’ektlarni qo‘llab-quvvatlash orqali ular faoliyatini barqarorlashtirish, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda qo‘shimcha ish o‘rinlarining yaratilishiga xizmat qiladi.  

Bu esa o‘z navbatida aholi punktlarining sanitariya va ekologik holatini yaxshilash, chiqindilarning fuqarolar sog‘ligiga zararli ta’sirini oldini olish, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish barobarida mamlakatda ekologik barqarorlikni ta’minlash imkonini beradi.  

 

Gulnoza Boboyeva,   

O‘zA