Chavandozlarimiz jamoaviy bahslarda sovrindor bo‘ldi
Rossiyada ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha o‘tgan xalqaro turnirning jamoaviy bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta kumush medalga sazovor bo‘ldi.
“Yevroosiyo o‘yinlari”ning jamoaviy bahslari katta doira yo‘nalishida Bekzod Qurbonov, Xurshidbek Olimjonov, A’zam Tolibboyev va Umid Komilovdan iborat jamoamiz kumush medal bilan taqdirlandi. Musobaqaning kichik doira yo‘nalishida Bahromjon G‘oziyev, Bekzod Qurbonov, Oqil Sobirjonov hamda Xurshibdek Olimjonovdan tashkil topgan termamiz shohsupaning ikkinchi o‘rnidan joy oldi.
Mazkur ikki yo‘nalishda Rossiya terma jamoasi oltin, Qirg‘iziston termasi esa bronza medaliga ega chiqdi.
Ma’lumot o‘rnida, musobaqaning ilk kunida chavandozlarimiz 1 tadan oltin va kumush hamda 3 ta bronza, jami 5 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA