
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Zuhro ko‘chasida yashovchi A. Eshmatov hududdagi suv ta’minoti korxonasi noreal qarzdorlik hisoblayotganidan norozi bo‘lib murojaat qilgan.
Murojaat o‘rganilishi jarayonida birgina uning emas, balki shahardagi yana 1372 nafar iste’molchining xuddi shu masaladagi muammosi ayon bo‘lib qoldi.
O‘rganishlar jarayonida «Farg‘ona suv ta’minoti» MCHJ Marg‘ilon filialining elektron bazasida noreal qarzdorlik sifatida e’tirof etilgan, lekin tegishli tartibda tasdiqlanmagan mingdan ortiq iste’molchilarga hisoblangan 172 mln. 346 ming 329 so‘m mavjudligi ma’lum bo‘lgan. Ushbu summa tashkilotning respublika organi tomonidan tasdiqlangachgina bazadan chiqarilishi mumkinligi bildirildi.
Shahar jamiyati mutaxassislari tashkilotning respublika boshqaruvi mas’ullari bilan bog‘langanida, masala Jinoyat ishlari bo‘yicha sudning 2022 yilgi qaroriga ilova qilingan ro‘yxatning aynan masalani ko‘rgan sud idorasi tomonidan tasdiqlab berilishi bilan hal qilinishi ma’lum bo‘ldi.
O‘rganish ishlari doirasida mazkur ro‘yxat sud idorasi tomonidan tasdiqlanib, ichimlik suvi ta’minoti tashkilotining yuqori turuvchi respublika tashkilotiga elektron tarzda taqdim qilinishi bilan shahardagi 1372 nafar iste’molchi uchun "bosh og‘rig‘i" bo‘lib kelayotgan 172 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ noreal qarzdorlik sifatida elektron bazadan olib tashlanib, iste’molchilar foydasiga chegirib berildi.
Saidxon Hafizov,
Marg‘ilon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi