English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxorolik o‘qituvchilar orasida ming dollar oylik oladiganlar ko‘paymoqda
13:25 / 2022-12-30

Buxoro viloyati umumta’lim maktablarining 20 nafardan ortiq o‘qituvchilari Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi ustamasi uchun o‘tkazilgan sinovning dastlabki bosqichida 100 foizlik natijani qayd etdi.

Buxoro shahridagi 38-umumta’lim maktabi o‘qituvchilaridan 3 nafari ana shunday natijani qo‘lga kiritdi. Mazkur ta’lim muassasasi 2022 yil umumta’lim maktablari reytingida mamlakat ta’lim muassasalari ichida 2-o‘rinni qayd etgan edi.  

Tanlovda 100 foizlik natijaning qayd etilgani esa – bu ta’lim muassasasi jamoasi yuqori salohiyatga ega pedagoglardan tarkib topganligini yana bir bor namoyon etdi. Ulardan biri ingliz tili fani o‘qituvchisi Nargiza Rahimova. Ish boshlaganiga endigina 8 yil to‘lgan ushbu mahoratli muallima, oliy toifaga ega bo‘lib, xalqaro sertifikat sohibasi.  

– O‘quvchilarim har yili respublika va xalqaro fan olimpiadalarida munosib ishtirok etib kelmoqda,  – deydi Nargiza Rahimova.  – O‘tgan o‘quv yilida rahbarlik qilgan 11 sinf o‘quvchilarimning 35 nafaridan 33 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. E’tiborlisi, bu o‘quvchilarimning barchasi ingliz tili fani yo‘nalishida mening qo‘limda tayyorlanib, IELTS sertifikatini qo‘lga kiritgan.  

Tanlovning dastlabki bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan muallimaning oylik ish haqi endilikda ming dollardan ortadi. Maktabda eng yaxshi o‘qituvchi va eng yaxshi sinf rahbar sifatida doim e’tirof etib kelinadigan Gulnora Mustoqova ham shunday imkoniyatni qo‘lga kiritdi.  

Gulnora opa 26 yildan buyon o‘quvchilarga biologiya fanidan saboq berib keladi. Oliy toifali bu o‘qituvchining ilg‘or ish tajribasi viloyat miqyosida ommalashtirilgan. Uning yuksak mahorat va kuchli bilim uyg‘unligidagi saboqlarini olgan o‘quvchilari har yili fan olimpiadalarining shahar, viloyat, respublika va xalqaro bosqichlarida yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda.  

– Joriy yilda ham o‘quvchilarimdan biri asosiy fan olimpiadalarining viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi, –deydi Gulnora Mustoqova.  – Respublika bosqichida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.  

Tarix fani o‘qituvchisi Otabek Safarov maktabning eng tajribali, mehnatsevar va kamtarin ustozlaridan biri. U tayyorlagan o‘quvchilar har yili tarix fani yo‘nalishida oliy o‘quv yurtlariga yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda.  

– Agar o‘qituvchi darsni muqaddas bilib, chin dildan ishlasa, o‘quvchilarning ortiqcha pul to‘lab, repititorlarga qatnashiga hojat qolmaydi,  – deydi Otabek Safarov.  

Otabek Safarov ana shu haqiqatni o‘z faoliyatida ko‘rsatib berayotgan fidoyi ustozlardan biridir.  

 

Zarif Komilov,  

O‘zA